Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chegara oldi hududidagi korxonada ish haqi qancha bo‘lishi kerak? Milliy bankdan press-tur (foto)

Chegara oldi hududidagi korxonada ish haqi qancha bo‘lishi kerak? Milliy bankdan press-tur (foto)

Foto: Xabar.uz

Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan bugun Sirdaryo viloyatiga press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar eng avvalo Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqariladigan «AWP» O‘zbekiston - Xitoy qo‘shma korxonasiga tashrif buyurishdi.

Ushbu hudud nimasi bilan alohida ahamiyat kasb etadi? Eng avvalo «AWP» korxonasi Sirdaryo viloyatining chegara oldi hududida joylashgan. Bunday joyda aholini ish joyi va eng muhimi — munosib ish haqi bilan ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi. Korxonadagi eng kam ish haqi 1,5 million so‘m bo‘lgani holda, eng ko‘pi 3-4 million so‘mgacha yetadi. Ishchilar tushlikda issiq ovqat bilan ta’minlangan va ular uchun barcha qulayliklarga ega istirohat bog‘i ham tashkil etilgan.

«AWP» 2014 yilda tashkil topgan va 2015 yildan e’tiboran mahsulot ishlab chiqara boshlagan. Ishlab chiqarishni kengaytirish ehtiyoji paydo bo‘lgach Milliy bank 1,36 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratdi. Korxonada Olmaliq tog‘-kon metallurgiya korxonasining ulushi 50 foizdan iborat. Xitoyning Peng Sheng kompaniyasi 17 foiz va Wengzhou Trade International birlashmasi 33 foiz ulushga ega.

Milliy bank krediti asosida ishlab chiqarish kengaytirilgach, 300 dan ortiq fuqarolar ish bilan ta’minlandi. «AWP» yil davomida 2 million dona mahsulot ishlab chiqaradi va uning 30 foizini xorijga eksport qiladi. Hozircha Qozog‘iston va Rossiyada «AWP» mahsulotlari sotilmoqda, yaqin kelajakda boshqa davlat bozorlariga ham kirish rejalashtirilgan.

«AWP» korxonasi aynan Sirdaryoda joylashgani geografik jihatdan katta ustunlik beradi. Bu yerdan Qozog‘iston va Rossiyaga mahsulotlarni chiqarish ham, butun O‘zbekiston hududiga yetkazib berish ham qulay. Ta’kidlash joiz, «AWP» korxonasi santexnika vositalari ishlab chiqarishda hajm va sifat bo‘yicha nafaqat O‘zbekiston, balki O‘rta Osiyoda yagona hisoblanadi.

Korxonaga qatnash uchun avtobus tashkil etilgan. Ammo xohlovchilar, uyi yaqinroqda joylashganlar velosipedda qatnashi mumkin. Buning uchun ularga maxsus joy ajratilgan.

Dizayn va mualliflik huquqi «AWP» brendiga tegishli bo‘lib, korxona Milliy bank bilan hamkorlikda ishlab chiqarishni yana-da oshirish ustida ish olib bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring