Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro viloyatida qurilish qiymati 2,8 milliard AQSh dollariga teng gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi

Buxoro viloyatida qurilish qiymati 2,8 milliard AQSh dollariga teng gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi

Foto: «Minenergy.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot markazi xabar berishicha, Buxoro viloyatida qurilish qiymati 2,8 milliard AQSh dollariga teng gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi.

Xabarga ko‘ra, Sankt-Peterburg (Rossiya)da 2021-yil 4-iyun kuni «Jizzakh Petroleum» MChJ QK, «Gazprombank» aksiyadorlik kompaniyasi, «VEB.RF» davlat rivojlanish korporatsiyasi va Rossiya eksport kreditlari va investitsiyalarni sug‘urtalash agentligi (EXIAR) o‘rtasida yangi gaz-kimyo majmuasini moliyalashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv to‘g‘risida to‘rt tomonlama memorandum imzolangan. MTO (metanoldan-olefinlar) texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyo majmuasini O‘zbekistonning Buxoro viloyatida barpo etishga qaror qilingan.

Memorandumning imzolanishi taxminiy 800 million AQSh dollari miqdoridagi loyiha moliyalashtirishi va moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni sug‘urtalash bo‘yicha kelajakdagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi aytilmoqda.

«Jizzakh Petroleum» loyihaning investori deb hisoblanadi. Qurilish qiymati 2,8 milliard AQSh dollariga teng gaz-kimyo majmuasi MDHda tengsiz. Zavod mahalliy xom ashyo asosida ishlaydi, bu esa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, eksportga yo‘naltirilgan gaz-kimyoviy mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali tabiiy gazni monetizatsiya qilish imkonini beradi.

«Jizzakh Petroleum» MChJ QKning strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Nigora Ibadovaning aytishicha:

«Bizning jamoamiz qariyb 2 yildan beri ustida ishlab kelayotgan MTO loyihasi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar zanjirini yaratishda katta e’tibor qaratilayotgan loyihalardan biri zamonaviy O‘zbekistonning yorqin namunasidir. Bu, o‘z navbatida, kelajakda qo‘shimcha ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, import o‘rnini bosish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun ijobiy turtki beradi. Loyiha kelajakdagi gaz-kimyo klasterining asosiy qismiga aylanadi, unga maxsus iqtisodiy zona maqomi beriladi va bu Markaziy Osiyoda bunday birinchi tajriba bo‘ladi. Shuni ta’kidlash kerakki, biz uchun GPB, VEB.RF va EXIAR kabi moliya institutlari bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega, chunki loyiha doirasida uskunalar, mahsulotlar va xizmatlarning katta qismini Rossiyadan jalb qilish rejalashtirilgan. Ushbu memorandumning imzolanishi loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir».

Imzolash marosimi XXIV Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi marosimi doirasida bo‘lib o‘tgan.

Qurilish ishlari tugagandan so‘ng yangi olefin ishlab chiqaruvchi zavod 1,5 milliard kubometr tabiiy gazni qayta ishlashi kutilmoqda va dunyo iqtisodiyotining ko‘plab sohalarida qo‘llaniladigan yuqori sifatli polimerlarni yiliga 720 ming tonna miqdorida ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun: «Jizzakh Petroleum» MChJ QK O‘zbekistonda energetika sohasini jadal rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekistondagi 104 ta neft konidan foydalanish huquqi ushbu kompaniya ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring