Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

1000 so‘mlik muomaladan chiqariladimi?

1000 so‘mlik muomaladan chiqariladimi?

Foto: Xabar.uz

Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov ijtimoiy tarmoqlar va boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali kelib tushgan savollarga javob berdi.

Mutaxassis hozirda 1000 so‘mlik qog‘oz pullar juda eskirib ketgani va shu eskirgan pullarni topish ham muammo bo‘layotgani, yaqin muddatda 1000 so‘mlikni muomaladan chiqarish kutilyaptimi-yo‘qmi – shu haqdagi savolga javob qaytardi.

– Bilasiz, 1000 so‘m nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo‘lganligi sababli xaqiqatda urinib qolganligini kuzatish mumkin.

Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko‘proq muomala jarayoniga kirishi, ya’ni qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi faol bo‘lganligi sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo‘lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin.

Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda.

Biroq bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotganligi va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 so‘mlik banknotlar muomaladan kamayib borayotganligi haqiqat. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, xuddi tovarlarga o‘xshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi.

«Bankomatlarga 1000 so‘mlik ham joylashtirilsa bo‘lmaydimi?» degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bo‘ladi. Lekin banknotlar sig‘imi cheklanganligi sababli ularni bir martalik to‘ldirish orqali imkon qadar ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ya’ni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko‘proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi.

Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda zarur hollarda bir qismini 1000 so‘mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq.

Ta’kidlash lozimki, Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullarning qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning o‘rniga yangi banknot va tangalarni muomalaga kiritib borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan, – dedi Fazliddin Bozorov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring