Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kim qanday isinadi: Germaniyadan — Xitoygacha (infografika)

Kim qanday isinadi: Germaniyadan — Xitoygacha (infografika)

Foto: «Myjus.ru»

Dunyo mamlakatlarida turarjoylarni isitishning turli yo‘llaridan foydalaniladi: quyosh batareyalari, elektr qozonlar, isitish nasoslari, markaziy isitish tizimi va boshqalar. 

Polsha

Polshada turarjoylarning 42 foizi markaziy isitish tizimlari, 38 foizi yakka tartibdagi isitish tizimlari orqali, 17 foizi o‘choq isitish tizimida va 3 foizi boshqa manbalar yordamida isitiladi. Markaziy va aholining boshqa isitish tizimlarida 88 foiz ko‘mir, 9 foiz gaz va neft mahsulotlari, 3 foiz qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalaniladi.

Rossiya

Rossiyada turarjoylarning asosiy qismi markaziy isitish tizimlari orqali isitiladi. Bundan issiq suv issiqlik energiya stansiyalari orqali ta’minlanadi. IESlarning asosiy energiya manbai gaz va ko‘mirdan iborat. Shuningdek aholi individual isitish tizimiga ega bo‘lib, bunda asosan gazdan foydalaniladi.

Germaniya

Germaniyada turarjoylarni isitish borasida markaziy isitish tizimlarining ulushi 14 foizga yaqin bo‘lib, ularda yoqilg‘i sifatida tabiiy gazdan (42 foiz), ko‘mirdan (39 foiz) hamda qayta tiklanadigan energiya resurslari (12 foiz) va elektr energiyasidan (7 foiz) foydalaniladi. Shuningdek, aholining katta qismi isitish nasoslari (isitish nasosi yordamida isitish — maxsus nasoslar yordamida havodagi issiqlik tortib olinib, yopiq jarayon orqali yuqori haroratga aylantiriladi.)ga ega bo‘lib, ular qariyb 45 foizni tashkil qiladi va isitish nasoslari 100 foiz elektr energiyasi bilan ishlaydi. Bunda elektr energiyasi uchun arzon tariflar belgilangan. Aholining qolgan qismi (39 foiz) turli individual isitish tizimlariga ega bo‘lib unda 32 foiz elektr energiyasi, 36 foiz tabiiy gaz, 27 foiz neft mahsulotlari, 5 foiz qayta tiklanuvchi energiya vositalaridan foydalaniladi.

Avstriya

Avstriyada turarjoylarning 85 foizi isitish nasoslariga ega va 100 foiz elektr energiyasi bilan ishlaydi. Bunda elektr energiyasi uchun arzon tariflar belgilangan. 15 foiz turarjoy markaziy isitish tizimi orqali isitiladi. Unda 40 foiz qayta tiklanuvchi energiya vositalaridan, 26 foiz tabiiy gaz, 20 foiz o‘tin, 7 foiz elektr energiyasidan, 3 foiz quyosh energiyasidan va 4 foiz boshqa energiyadan foydalaniladi.

Shvetsiya

Shvetsiyada turarjoylarning qariyb 60 foizi markaziy isitish tizimlari orqali isitiladi. Markaziy isitish tizimlarida foydalaniladigan qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi 65 foizdan ko‘proq, 25 foiz elektr energiyasi, neft va tabiiy gaz 5 foiz, torf 3 foiz va ko‘mir 2 foizni tashkil qiladi. Shuningdek, aholining individual isitish tizimlarida 22 foiz isitish nasoslaridan, 11 foiz elektr energiyasidan, 5 foiz tabiiy gaz, o‘tin hamda 2 foiz ko‘mirdan foydalaniladi.

Finlyandiya

Finlyandiyada 38 foizga yaqin turarjoylar markaziy isitish tizimiga ulangan. Bunda 33 foiz qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, 21 foiz tabiiy gazdan, 22 foiz ko‘mirdan, 15 foiz torf, 9 foiz boshqa manbalardan foydalaniladi. Turarjoylarning qolgan qismi individual isitish tizimiga ega bo‘lib bunda 40 foiz elektr energiyasi, 15 foiz ko‘mir, 25 foiz qayta tiklanuvchi energiya vositalari, 20 foiz elektr energiyasi bilan ishlaydigan isitish nasoslari va boshqa manbalardan foydalaniladi.

Xitoy

Xitoyning janubida markaziy isitish tizimlari umuman mavjud emas (chunki bu yerlarda qish bo‘lmaydi). Markaziy isitish tizimi shimoliy Xitoyda ko‘p tarqalgan bo‘lib, unda asosan ko‘mirdan foydalaniladi. Ba’zi hududlarda geotermal isitish (geotermal isitish tizimi — yer osti suvlari yopiq sharoitda kuchli bosim yordamida isitilib aholiga tarqatiladi.) va dengiz isitish nasoslaridan foydalaniladi. Shuningdek, Xitoyda quyosh  batareyalari (472 gegavatt quvvatga ega) asosiy issiqlik manbaiga aylanmoqda.

Turkiya

Turkiya geotermal potensialga eng boy dunyoning 7 ta davlati qatoriga kiradi. Bugungi kunda Turkiyada 336 ming uy-joyni isitishga yetadigan quvvat geotermal tizimi orqali ishlab chiqiladi. Shuningdek, Turkiyada tabiiy gaz taqchilligi sababli, quyosh  batareyalari orqali isitish tizimi keng tarqalmoqda. Bundan tashqari, Turkiyada aholi elektr energiyasi yordamida ishlaydigan individual isitish qozonlaridan foydalanadi.

Markaziy Osiyo

Markaziy Osiyo davlatlarida markaziy isitish tizimlari faqat shahar hududlarida bor va asosan gazdan foydalaniladi. Qishloqdagilar esa imkoniyatiga qarab qishdan chiqib oladi: elektr toki, tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin, ...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring