Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Amerika Qurolli Shtatlari» (infografika)

«Amerika Qurolli Shtatlari» (infografika)

Infografika: «Xabar.uz»

O‘qotar qurollardan foydalanishda AQSh aholisi jahonda yaqqol peshqadam. «Pew Research Center» yaqinda e’lon qilgan statistika buni tasdiqlaydi.

Amerikaliklar qo‘lida qancha qurol bor — aniq aytish qiyin, hamma shtatlarda ham o‘t ochish qurollarini ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, amerikaliklar qo‘lidagi qurollar soni 200 milliondan 350 milliongacha — agar ikkinchi raqam to‘g‘ri bo‘lsa har bir fuqarosiga yetib ortib ham qoladi.

«Pew Research Center» ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi qurollarning eng ko‘pi janubiy shtatlar aholisi qo‘lida — 36 foiz. O‘rta G‘arb va G‘arbda ko‘rsatkich 30 foizdan oshadi, Shimoli-Sharqda esa eng kam — 16 foiz. Aksariyat qurollar qishloq aholisida va asosan erkaklarda.

Janubiy yoki «katta» shtatlarda qurol ko‘p, ammo aholisi ham shunga yarasha. Shuning uchun shtatlar o‘zaro solishtirilganda, qurollanganlarning aholi soniga nisbatan ko‘rsatkichi keskin o‘zgarib ketadi (infografika). Shundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Alyaska — AQShdagi «eng qurollangan shtat», har o‘n alyaskalikning salkam yetti nafari yoki 750 ming aholisining 61,7 foizi qurollangan.

O‘zimizning bitta viloyat aholisicha (3 milliondan ziyod) nufusga ega Arkanzasda ham xuddi shunday holat — 57,9 foiz. Qolaversa, Aydaho, G‘arbiy Virjiniya, Vayoming va Montana kabi hududi bepoyon, ammo «aholiga yolchimagan» shtatlar ham «ichki qurollanish poygasi»da ilgarilab ketgan.

Aholisi kam shtatlarning hammasida ham qurollanish darajasi yuqori emas, masalan, sharqiy sohilda joylashgan Delaver (qariyb 1 million aholisining 5,2 foizi) hamda Rod-Aynlend (1 milliondan ortiq aholisining 5,8 foizi)ni keltirish mumkin. Ammo bular «mitti», qolaversa, yuqorida ta’kidlangan Shimoli-Sharqiy shtatlar sirasiga kiradi.

Qurollangan aholisi ko‘rsatkichi bo‘yicha top-10 shtat

  1. Alyaska (AK, 61,70 foiz)
  2. Arkanzas (AR, 57,90 foiz)
  3. Aydaho (ID, 56,90 foiz)
  4. G‘arbiy Virjiniya (WV, 54,20 foiz)
  5. Vayoming (WY, 53,80 foiz)
  6. Montana (MT, 52,30 foiz)
  7. Nyu-Meksiko (NM, 49,90 foiz)
  8. Alabama (AL, 48,90 foiz)
  9. Shimoliy Dakota (ND, 47,90 foiz)
  10. Gavayi (HI, 45,10 foiz).
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring