Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Voyaga yetmagan shaxsga sud imkoniyat berdi, xulosa o‘ziga bog‘liq

Voyaga yetmagan shaxsga sud imkoniyat berdi, xulosa o‘ziga bog‘liq

Foto: «News.yandex.ru»

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudida «qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish» bilan bog‘liq ish ko‘rildi.

Jinoyat ishini muxtasar bayon qilsak, shu yilning 2-avgust kuni kech soat 21:00 lar atrofida A.T. va voyaga yetmagan A.B. bilan oldindan til biriktirib, Zarafshon shahridagi «Alpomish BO‘SM»da murabbiy bo‘lib ishlovchi B.S. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida uning bosh qismiga urib, tan jarohati yetkazadi. Ularning bunday xatti-harakati Jinoyat kodeksining (JK) 109-moddasi 2-qismi bilan «ish» ochilishiga kifoya qildi. Zero, yetkazilgan jarohat jabrlanuvchining salomatligi qisqa vaqt (olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddat) yomonlashuviga sabab bo‘lgandi.

Tergov jarayonida taraflarga yarashuv taklif etildi. Biroq jabrlanuvchi ham, ayblanuvchi ham murosaga kelmadi.

«Delo» sudga o‘tgach, vaziyat o‘zgardi. Tomonlar o‘zaro yarashib olgani, bir-birlariga nisbatan da’vosi yo‘qligini ochiq-oydin ma’lum qildilar. Bunday holatda sud majlisini davom ettirishdan ma’no yo‘q. Chunki Jinoyat kodeksining 661-moddasiga muvofiq, JK 109-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi qayd etilgan.

Sud jarayonida taraflarga yarashuv institutining mohiyati yana bir bor tushuntirildi. Xususan, jabrlanuvchiga yarashuv asosida ish yuritish tugatilsa, unda qayta tiklash yuzasidan iltimosnoma berish huquqi yo‘qotilishi alohida uqtirildiki, u bunga rozi ekanini takror bildirdi. Modomiki, tomonlar yarashgan ekan, sudning «delo» bo‘yicha ish yuritishni tugatishdan boshqa ishi qolmaydi.

Jinoyat ishining bunday xayrli yakuni tomonlarga, ayniqsa, voyaga yetmagan A.B. uchun yaxshi imkoniyat. Xulosa chiqarishi — o‘ziga tan.

Dilnoza Xonbo‘tayeva,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Zarafshon shahar sudining raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring