Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Velosiped haydovchisi ham mastlik bo‘yicha tekshirilishi mumkinmi?

Velosiped haydovchisi ham mastlik bo‘yicha tekshirilishi mumkinmi?

Foto: «Xabar.uz»

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida haydovchilarning mastlik holati tekshirilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qaysi holatlarda haydovchining mast holda ekanligini tekshirish mumkin?

  • haydovchining og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelsa;
  • haydovchi bir holatda to‘g‘ri tura olmasa (chayqalib turishi);
  • haydovchining nutqi buzilsa;
  • haydovchi qo‘l barmoqlari qaltirasa;
  • haydovchi yuz terisi rangi sezilarli o‘zgargan bo‘lsa.

Alkogoldan mastlik holati qanday aniqlanadi?

Bu 2 xil usulda amalga oshiriladi:

  • maxsus texnik vosita — alkotester yordamida;
  • tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish orqali.

Qachon alkotester, qachon tibbiy tekshiruv qo‘llaniladi?

Haydovchilarning alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash alkotester yordamida qoidabuzarlik yuz bergan joyning o‘zida amalga oshiriladi.

Haydovchi alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan yoxud unda alkotester orqali tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda haydovchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Mastlik holatini tekshirishda xolislar bo‘lishi kerakmi?

Ha, kamida 2 nafar xolis bo‘lishi shart. Agar, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda tekshiruvni o‘tkazgan bo‘lsa, xolis bo‘lishi shart emas.

Haydovchi tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlasa nima bo‘ladi?

Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va 3 mln 345 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilsa, 6 mln 690 ming so‘m miqdorida jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Velosiped haydovchisi ham mastlik bo‘yicha tekshirilishi mumkinmi?

Albatta, tekshirishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 669 ming so‘m miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Alkotester alkogoldan mastlik holatini aniqlamasa, biroq haydovchida o‘zgacha tarzdagi mastlik belgilari mavjud bo‘lsa nima bo‘ladi?

Ushbu holatda shaxs tibbiy tekshiruvga olib boriladi.

Haydovchi narkologik dispanserlarda narkologlar tomonidan yoki tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokorlar tomonidan tekshiriladi.

Tibbiy tekshiruv qancha vaqt ichida o‘tkaziladi?

Transport vositasi haydovchisi to‘xtatilgan (yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan) paytdan boshlab uzog‘i bilan 1 soat ichida tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Shaxs qachon alkogol mahsulot ta’sirida mast bo‘lgan deb topiladi?

  • haydovchi tomonidan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lari konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda (alkotester yordamida aniqlanadi);
  • alkogol mahsulotining qondagi konsentratsiyasi 0,3 promille va undan ortiq bo‘lganda (tibbiyot muassasasida aniqlanadi).

Tibbiy tekshiruv xulosasiga nisbatan e’tirozlar mavjud bo‘lsa-chi?

Bunday holda haydovchi boshqa tibbiyot muassasasida qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini talab qilishga haqli.

Qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish mastlik alomatlari aniqlangan yoki yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan vaqtdan e’tiboran 2 soat ichida boshqa yaqin masofada joylashgan tibbiyot muassasasida amalga oshiriladi. 

Mastlik holati tasdiqlanganda qanday javobgarlik chorasi qo‘llaniladi?

Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va 5 mln 575 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilsa, 8 mln 920 ming so‘m miqdorida jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring