Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazir: «Biz ham sudda yutqazdik-ku...»

Vazir: «Biz ham sudda yutqazdik-ku...»

Foto: Adliya vazirligi

Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Adliya vazirligida o‘tadigan tadbirlarga jurnalistlar «quruq borib, quruq qaytmaydi». Bu safar ham ayni holat takrorlandi.

Bugun vazirlikda o‘tgan ochiq muloqotda mezbonlar faoliyatiga oid «Yil sarhisobi-2019» to‘plamidan tashqari mediasavodxonlik va ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb etikasi muammolariga oid ikkita risola hadya etildi. Har ikki risola jurnalist va blogerlar uchun tayyor huquqiy qo‘llanma. Tashakkur.

Alohida qayd etish kerak, savol-javoblarga boy o‘tgan tadbirning asosiy qismida jurnalist va blogerlarga nisbatan kasb etikasi borasida ta’na yoki iddao yangramadi. Faqat  tadbir tugab, yo‘l-yo‘lakay, tor doiradagi qisqa gurung paytidagina  vazir Ruslan Davletov ayni mavzuda gap ochdi. Vazirga bir saytda chiqqan o‘ziga daxldor xabar ma’qul tushmagan ekan. Shuni eslar ekan, gaplari «kontekstdan yulib olinib» e’lon qilinishi natijasida ma’no butunlay buzilib, jamoatchilikda boshqacha tasavvur paydo bo‘lishi ehtimolini yuzga keltirganini aytish barobarida bilib-bilmay qilingan bunday xatti-harakatlar pirovardida jurnalist sudda javobgar bo‘lishigacha olib kelishini ta’kidladi. Albatta, po‘pisa ohangida emas, balki «bilib qo‘yish zarar qilmaydi» ma’nosida. Gapiga  misol tariqasida esa vazirlik muassisligidagi «Inson va qonun» gazetasi yaqinda fuqarolik sudida yutqazganini keltirdi.

Ma’lumki, gazetaning 2019-yil iyun oyidagi sonlaridan birida «Bobur ruhini bezovta qilganlar» sarlavhali maqola chop etilgandi. Maqola bir tomonlama, faktlar buzib talqin qilinishidan tashqari, unda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilingan deb hisoblagan jamg‘arma vakillari tahririyatni sudga bergandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi da’voni qisman qanoatlantirib, «Inson va qonun» gazetasi tahririyatiga bir oy muddat ichida raddiya chop etish va fond rahbaridan rasman uzr so‘rash majburiyatini yuklaganidan xabaringiz bor.

Sud qarori qonuniy kuchga kirganidan so‘ng ijroga qaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring