Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Va nihoyat... 44 yoshida fuqarolik pasportini oladi

Va nihoyat... 44 yoshida fuqarolik pasportini oladi

Foto: «Gazeta.uz»

Andijon viloyati Baliqchi tumani Sirmoq mahallasi Obod turmush ko‘chasi 53-uyda istiqomat qiluvchi Abduvohid Usmonov 1974-yil 16-yanvarda tug‘ilgan. 25-o‘rta maktabni 1991-yili tugatdi. Yo‘ldosh Oxunboboyev shirkat xo‘jaligida mehnat qildi. 1996-yili Saodat Usmonovaga uylandi. Ikkita farzandi (bir qiz, bir o‘g‘li) bor. 2012-yili ular o‘zaro kelisholmay ajrashishdi. 2012-yil avgust oyida ikkinchi marta turmush qurdi. Hozir Nargiza Sarimsoqova bilan turmushidan bitta farzandi bor.

— Men hozir 44 yoshga kirdim. Ammo haligacha O‘zbekiston pasportini ololganim yo‘q, — deydi u xafa ahvolda.

Bunga nima to‘sqinlik qilayapti?

— 1991-yilning boshida sobiq SSSRning pasportini (VI-4 c 593790) olgan edim. 1994-yilgacha uni almashtirish kerak ekan, bilmay yuraverganmiz. 1996-yili uylanganimda nikoh qog‘ozini olmaganmiz. Birinchi farzandim 1998-yilda tug‘ilishidan ikki oy oldin borib nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomani oldim. 1999-yili o‘sha pasportimni ham yo‘qotganman. Pasportim bo‘lmaganligi sababli birinchi nikohdan ham qonuniy ajrasha olmadim. Aliment pulini to‘lay olmadim. Natijada birinchi xotinim sudga da’vo qildi. Keyinchalik aliment pulini so‘ramaslik sharti bilan 8 sotixli uyning 6 sotixini unga berdim. Ikkinchi oilam bilan faqat shar’iy nikoh asosida yashayapman. Natijada 2014-yilda tug‘ilgan Zarina qizimni tug‘ruqxonadan onasining familiyasiga rasmiylashtirib olib chiqishga majbur bo‘ldim.

O‘zim mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib yuraman. Ishchi guruhi xonadonimga kirib mening muammomni aniqladi. Profilaktika inspektorimiz, katta leytenant Shohrux Matboboyevga uchradim. U mening muammomni eshitib, 25-may kuni ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirdi va Ma’muriy-javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga asosan 172240 so‘m jarima soldi. Pasport stoliga borib, o‘n foizlik davlat bojini to‘ladim. O‘zi hujjat ishlariga ko‘p ham tushunavermayman. Pasport olishni juda-juda istayman. Bir yerga chiqib ishlay olmayapman. Fermerdan ijaraga yer olganman. O‘sha yerda kunimni amal-taqal qilib o‘tkazib kelayapman. Olisroqqa keta olmayman. Avvalo o‘zim e’tiborsizlik qildim.

E’tiborsizlik, loqaydlik, o‘z taqdiriga beparvolikni albatta oqlab bo‘lmaydi. Ammo bu masala bo‘yicha oydinlik kiritishni so‘rab Baliqchi tumani ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i, leytenant Akmal Jalilovga murojaat qilamiz.

— Tumanda 128 803 ta pasport yoshidagi aholi bor, — deydi u. — Sektorlar yo‘nalishida, pasport rejimi tartibida uyma-uy yurishlarimiz natijasida 2018 yilda 211 ta pasport qoidasini buzish, jumladan pasportni yaroqsiz holatga keltirish, amal qilish muddatini o‘tkazib yuborish, beparvolik oqibatida yo‘qotganlik holatlari aniqlandi.

Ushbu fuqaroga xulosa asosida O‘zbekistonning yangi turdagi biometrik pasportini olish uchun hujjatlar rasmiylashtirildi. Biometrik pasport kelguniga qadar shaxsini tasdiqlovchi hujjat (forma — 9) berildi. Shu bilan birga «Sirmoq» MFY profilaktika inspektori tomonidan Ma’muriy-javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga asosan yozilgan 172240 so‘m jarimani undirishda fuqaroning ehtiyojmand oila ekanligi hisobga olindi.

Baliqchi tumani ma’muriy sudiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 308-moddasiga asosan yengillashtiruvchi ma’muriy chora ko‘rish maqsadida yuborildi. Sud qarori bilan ogohlantirish chorasi ko‘rilsa, fuqaro jarimadan ozod qilinadi.

Shu tariqa 44 yashar Abduvohid Usmonov fuqarolik pasportini olishga juda yaqin turibdi. Ishchi guruh uyiga kirmaganida kim bilsin, bu muammosi yana qancha muddat o‘z yechimini topmay yotardi.

Laziz Rahmatov, jurnalist.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring