Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Unutmang: jurnalist qonun va davlat himoyasida!

Unutmang: jurnalist qonun va davlat himoyasida!

Foto: Google.com

«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga ko‘ra, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Shuningdek, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist tekshiruvi o‘tkazish; davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo‘lish; jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida bo‘lish; ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish va boshqa bir qator huquqlarga ega ekani belgilab qo‘yilgan.

Mazkur Qonunning 8-moddasiga binoan esa, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi, tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonunning 10-moddasida jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanishi, davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi, jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish taqiqlanishi nazarda tutilgan.

Va nihoyat, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasida jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik ifodalangan bo‘lib, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistning so‘rov bilan murojaat qilish va zarur axborotni olish huquqini buzganlik; jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik; jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlik uchun javobgarlikka tortilishlari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, jurnalistning ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Aziz yurtdoshlar!

Biz huquqiy-demokratik, ochiq va kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlat barpo etish yo‘lida astoydil intilyapmiz. Bu maqsadimizga yetishimiz uchun esa, amaldagi qonunlarni hurmat qilishimiz va ularga so‘zsiz amal qilishimiz, shu bilan birga, kim bo‘lmaylik, qaysi lavozimda ishlamaylik, bir birimizga o‘zbekona odob-axloq, xushmuomala bilan munosabatda bo‘laylik.
Va unutmaylik, xalq xizmatiga kamarbasta jurnalist ham hamisha qonun va davlat himoyasida!

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring