Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Uchastkovoy» rahbar bo‘lgan jinoiy guruh a’zosi hukmga shikoyat berdi. Keyin-chi?

«Uchastkovoy» rahbar bo‘lgan jinoiy guruh a’zosi hukmga shikoyat berdi.  Keyin-chi?

Ikki yilcha burun Samarqandning Pastdarg‘om tumanida profilaktika inspektori rahbarlik qilgan jinoiy guruh  qilmishlari fosh etilgandi. Inspektorni ham qo‘shib hisoblaganda uch erkak va to‘rt ayoldan iborat jinoiy guruh tirikchilikning jirkanch shaklini tanlashgandi. Ya’nikim, ayollarga (ular orasida ona-bola ham bor!) «mijoz» topib, o‘zlari  istiqomat qiladigan uyda maishat qilishadi. So‘ng tana hali sovub ulgurmay ular «mijoz»larni nomusga tekkanlikda ayblashga o‘tishadi. Xuddi o‘sha paytda jinoiy guruhning erkak a’zolari paydo bo‘ladi. Tuzoqqa tushganlarni hammasi bir bo‘lib, «oborib-obkelgach», kamiga IIBga qo‘ng‘iroq qilishadi, go‘yo... Qo‘ng‘iroqdan so‘ng «voqea joyiga» yetib kelgan profilaktika inspektori esa hammani xizmat xonasiga taklif qilib, ariza va tushuntirish xati olishga tushadi.

Shu tariqa «mijoz» qamoq ostonasiga «keltirilgach», inspektor xayrixohlik ko‘rsatishga o‘tadi: «ayollar bilan kelishing, shunda hammasi «bosdi-bosdi» bo‘lishi mumkin...».

«Mijoz» qanday bo‘lmasin «kelishish»ga tirishadi...

«Kelishuv» kimgadir 1 million, kimgadir 3 million so‘mga tushadi, 10 million so‘m yoki 550 AQSh dollari bilan qutilganlar ham yo‘q emas.

Qo‘lga kiritilgan pullarning teng yarmi profilaktika inspektoriniki edi...

Nihoyat, 2018 yilning saratonida  jinoiy guruh a’zolaridan biri 300 AQSh dollar bilan qo‘lga tushadi va qolgan sheriklarini ham o‘zi bilan qamoqqa sudrab ketadi.

Sud jinoiy guruh rahbari bo‘lgan profilaktika inspektorini 11 yil-u 6 oyga «kesgan» bo‘lsa, boshqalar ham jinoyatdagi ishtirokiga qarab, «o‘z nasibasi»ni olgan.

Oradan ancha vaqt o‘tib, nega mavzuga qaytilmoqda?

Gap shundaki, jinoiy guruh a’zolaridan biri — 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan J.Laziz (36 yoshda) yaqinda hukmga nisbatan shikoyat yozibdi. Gap bo‘lishi mumkinmas, bu uning huquqi.

Mahkum o‘z shikoyatida qilmishidan tonmaydi, aksincha, chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirib, ayni tazarrusi hurmati berilgan jazoni yengillashtirishni so‘raydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi Bahodir Aliqulovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, J.Lazizning kassatsiya shikoyati belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi va... qanoatlantirilmadi. Bu hukmning unga tegishli qismi o‘zgarishsiz qoldirilganini anglatadi. Jinoyat kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, sudlanuvchiga qonunda belgilangan eng kam jazodan ham kamroq jazo tayinlanishi mumkin. Buning uchun esa jiddiy asoslar kerak. Mahkumning qilmishida esa jazoni yengillashtiruvchi o‘sha jiddiy asoslarning o‘zi yo‘q-da.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring