Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tekin teshib chiqmaydi? Bekor gap!

Tekin teshib chiqmaydi? Bekor gap!

Foto: «Xabar.uz»

Chorvachilikka ixtisoslashgan «Shodlik Agro Alyans» fermer xo‘jaligi rahbari O‘.Jo‘rayevning qo‘li ikki toshning orasida emas. O‘nlab chorva mollari bor. Shunga qaramay, elektr energiyasidan tekin foydalanishga uringaniga nima deysiz?! Molxonasi aholi yashash punktidan uzoqroqda joylashganligi uchun bu yerga hech kim kelmaydi, deb o‘yladimikan yo?

Biroq joriy yilning 10-sentyabr kuni Majburiy ijro byurosi Buvayda tuman bo‘limi tezkor xodimlarining tashrifi fermerni shoshirib qo‘ygani rost. Molxonasidagi suv isitish tizimi deysizmi, chorva mollariga ovqat pishiradigan yuqori quvvatli elektr jihozlari deysizmi, hamma-hammasi noqonuniy edi-da.

Tadbirda, fermer tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan umuman shartnoma rasmiylashtirmaganligi, tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib olib, elektr hisoblagichni o‘rnatib qo‘ygan bo‘lsa-da,  uning «Elektr-hisob» bazasida yo‘qligi, ya’ni istalgan vaqtda hisoblagichni tashlab yuborib, uning o‘rniga yangisini «nol»dan boshlab o‘rnatib olishi uchun o‘ziga «qulay» sharoit qilib olganligi aniqlangan.

Fermerning o‘zboshimchaligi tufayli davlatga 25 mln. 811,4 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda huquqbuzar fermerga O‘zbekiston Respublikasi JKning 185-2-moddasi 6-qismida nazarda tutilgan o‘ttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi tushuntirilganida, fermer bunga darhol rozi bo‘ldi. Muddat davomida chorva mollarini sotib zararni to‘liq to‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring