Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sudya Imomovning qo‘pol xatosi Oliy sudda to‘g‘rilandi

Sudya Imomovning qo‘pol xatosi Oliy sudda to‘g‘rilandi

Foto: «rg.ru»

Fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Uchtepa tumanlararo sudi raisi M.Imomovning o‘ta qo‘pol xatosi, nihoyat, Oliy sud tomonidan to‘g‘rilandi.

Gap shundaki, o‘tgan yilning fevral oyida sud raisi qarz «oldi-berdisi»ga oid fuqarolik ishini ko‘rishga kirishar ekan, birinchi qilgan ishi da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘lib, nizo yuzasidan taraf bo‘lmagan Buxorodagi «O‘zpromtek-Buxoro» sho‘’ba korxonasi hisob-raqamlari va boshqa mulklariga band solish haqida ajrim chiqargandi. Mazkur ajrimidan uch oy o‘tib, da’voni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori ham chiqardiki, bu endi alohida mavzu.

Sho‘’ba korxona «bandi» qilinishi ortidan uning faoliyati qariyb to‘xtab, bu yerda oila tebratayotgan o‘nlab insonlar ishsiz qolishiga olib keldi. Korxona rahbarining bunday qonunsizlikdan «dod!» deb qaysi idorga chopmasin, amalda hech narsa o‘zgargani yo‘q. Zero, sud tomonidan qo‘yilgan band, u to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, faqat yuqori bosqich sudi tomonidan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Boshqa organlarning bunga vakolati yo‘q.

Sudya M.Imomovning nizo yuzasidan chiqargan qator ajrimlari va hal qiluv qarorini tegishli bosqichlar o‘tib, nihoyat, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida (sudyalar: F.Tursunov, G.Mirzayeva, Sh.Ahatova) ko‘rib chiqildi.

Mazkur fuqarolik ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov ajrimiga asosan nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun tegishli sudlov hay’atiga o‘tkazilgan.

Sudlov hay’ati ushbu nizo bo‘yicha chiqarilgan uchta ajrimni bekor qildi. Ular orasida korxona faoliyati qonunga zid ravishda to‘xtatilib, shu joydan bola-chaqa boqayotgan insonlarning tang ahvolda qolishiga sabab bo‘lgan birinchi bosqich sudining ajrimi ham bor. Mazkur ajrimni bekor qilar ekan, Oliy sud sudlov hay’ati alohida qayd etdiki: «...O‘zpromtek-Buxoro sho‘’ba korxonasi sudda ko‘rilgan nizoning tarafi hisoblanmaydi... (sudya) korxonaga nisbatan band solish choralarini ko‘rishda uning faoliyati to‘xtab qolinishiga e’tibor bermasdan, shoshma-shosharlik bilan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rgan».

Korxona faoliyati bir yarim yil deganda qayta tiklanadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari FIB Uchtepa tumanlararo sudining nizo yuzasidan chiqargan hal qiluv qarori qonuniyligi ham FIB Toshkent shahar sudi kassatsiya bosqichida qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring