Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda ikki nafar IIB xodimiga hukm o‘qildi

Samarqandda ikki nafar IIB xodimiga hukm o‘qildi

Foto: «Xabar.uz»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi ikki nafar IIB xodimiga hukm o‘qidi. Bu haqda «Xabar.uz»ga suddagi manbamiz ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, har ikkala xodim Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tarkibidagi IIBning Jinoyat qidiruv bo‘limida tezkor xodim vazifasida ishlagan. Ikkovlon shahardagi «Shodiyona» savdo majmuasida politelin paketlar sotish va noqonuniy ravishda chet el valyutasini ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqaroning faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik, keyinchalik ham unga «krisha»lik qilish evaziga pul ta’ma qilishgani aytiladi.

Oylik «stavka» — 200 AQSh dollari!

Buncha pul valyutafurushlikni yig‘ishtirib, kuni faqat politelin paketlar sotuvidan arang tirikchilik qilib kelayotgan savdogarning «belini chiqarib» yuborishi aniq. Biroq, kim-kim JQB tezkor vakillariga ochiq-oydin «yo‘q!» deb bo‘larmidi?! Eng maqbul chora — zohirda «xo‘p-xo‘p» deb, darhol bu haqda tegishli organga murojaat qilishdir.

Shunday bo‘ldi. Natijada JQB tezkor vakillari daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi.

Dastlabki tergov jarayonida ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘iga olingan JQB xodimlariga sud 4 yil (har biriga) ozodlikdan cheklash jazosi tayinladi (tayinlangan jazodan uy qamog‘ida bo‘lgan davr chegirib tashlandi).

Voqelikning qisqa bayoni shu. Sudlanuvchilarning ismi-sharifini yozmadik? Yo‘q, shartmas. Gap boshqalarning bundan xulosa chiqarib olishida (shahar bedarvoza emas, axir)! Qolaversa, yiqilganni tepish oqillarga yarashmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring