Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Said-Abdulaziz Yusupovga e’lon qilingan ayblovlar ochiqlandi

Said-Abdulaziz Yusupovga e’lon qilingan ayblovlar ochiqlandi

Firibgarlik jinoyati bilan gumonlanib qo‘lga olingan Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan e’lon qilingan ayblovlar ochiqlandi.

«Xabar.uz» so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, ayni paytda DXX tergov hibsxonasida saqlanayotgan S.Yusupovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan ayb e’lon qilingan.

Dastlabki tergovga ma’lumotlariga ko‘ra, «S.Yusupov:

- fuqaro A.A.ni aldab, birgalikda biznes-loyihasini amalga oshirish uchun undan D.S. va A.D.lar orqali 65 ming AQSh dollari;

- J.D.ga konditer mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasi yetkazib berishini aytib, undan 15 ming AQSh dollari;

- B.Ya.dan uning qizini Toshkent Davlat Yuridik Universitetiga o‘qishga kiritish uchun 35 ming AQSh dollari;    

- D.S.ning ishonchiga kirib, g‘isht ishlab chiqarish zavod uchun kerakli jihozlarni yetkazib berishini aytib, undan 28.000 AQSh dollari;

- K.Ye.ning ishonchiga kirib, undan 15 ming AQSh dollari;

- V.S.ning ishonchiga kirib, undan 2 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Qisqasi, S.Yusupov 2013-2017 yillar davomida jami 6 nafar fuqarodan 160 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shundan 3 nafar jabrlanuvchiga bor-yo‘g‘i 2300 AQSh dollarini qaytargan, 157.700 AQSh dollarini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani» aytiladi.

Mahkama matbuot xizmati rahbari alohida qayd etadiki: «...Hozirda turli ijtimoiy tarmoqlarda S.Yusupovning qarindoshlari va ayrim nashrlar tomonidan S.Yusupovning hibsga olinishiga qandaydir siyosiy tus berishga urinishlar bo‘lsa-da, qat’iy aytish kerakki, unga tergov davrida qo‘yilayotgan ayblov mutlaqo iqtisodiy jinoyatlar doirasidadir. Mazkur jinoyat holatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolarni huquq va manfaatlarini himoya qilish qonun talabidir.

Respublika Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining shu yil 16 maydagi xulosasida S.Yusupovda qon-tomir kasalligi, ayblanuvchining salomatligi holati unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi va tergov harakatlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi ko‘rsatilgan».

S.Yusupovning dastlabki tergovda qiynoqqa solingani borasidagi savoli yuzasidan quyidagilar bildirildi: «...uning (S.Yusupovning) onasi J.Bakayeva 7-iyun kuni Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, o‘g‘li tergov jarayonida qiynoqqa solinayotganligi, shu sababli o‘g‘lini himoyachisining ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘ragan. Shunga ko‘ra, 8-iyun kuni Bosh prokuratura tomonidan himoyachi A.Shoymardonov ishtirokida mutaxassis-shifokorlar jalb qilingan holda ayblanuvchi S.Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda uning tanasida biron-bir tan jarohati yoki qiynoq alomatlari aniqlanmadi.

S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shoymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirish xatida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganligi, hozirda kasalligi bo‘yicha tegishli dori vositalari va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganligini bildirdi».

Ekspertiza jarayonida jurnalistlar ayblanuvchidan intervyu olgani rostmi? Ayni jarayonda ayblanuvchining yaqinlari ishtiroki ta’minlandimi?

Javob: «Ekspertiza o‘tkazish jarayonida Yusupovdan  intervyu olingani yo‘q. Bu jinoyat ishi yurituvi tartib-qoidalariga zid bo‘lib, tergov davomida bunday amaliyot qo‘llanilmaydi. Yusupov 9 ta turli toifadagi shifokor ishtirokida barcha zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar qo‘llanilgan holda komissiyaviy ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazildi. Mazkur tekshiruvda uning qarindoshlari ishtiroki yuzasidan talab qonunda ham, amaliyotda ham yo‘q, JPQda belgilab qo‘yilgan tartib-taomillar bor, ya’ni Yusupovning qarindoshlari aytayotgan «konstitutsiyaviy huquqi» Konstitutsiya yoki Jinoyat-protsessual qonunchiligida ko‘zda tutilmagan.

Yusupovning o‘zi tibbiy tekshiruvdan oldin yoxud keyin yaqinlari bilan ko‘rishishni xohlaganida, bunday uchrashuvni tashkil etish chorasi ko‘rilardi, lekin bunday murojaat bildirilmadi. Bir nechta internet nashrlari tomonidan komissiyaviy ekspertiza jarayonini mumkin qadar yoritish to‘g‘risida so‘rov tushgan. Shu bois biz ekspertiza jarayonida hech bir to‘sqinlik yoki g‘ayriqonuniy harakatlar bo‘lmaganini OAV vakillari tomonidan xolis kuzatilishiga imkon berdik».

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring