Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otasining o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘g‘ilga hukm o‘qildi. Jazo asoslimi?

Otasining o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘g‘ilga hukm o‘qildi. Jazo asoslimi?

Foto: tverlife.ru

Marhumlar ortidan salbiy gap aytilmaydi odatda. Biroq gap sodir etilgan jinoyat va uning oqibatlari haqida ketganda hammasini boricha aytishdan boshqa chora yo‘q.

Payariqlik Q.Suvonqul ichkilikka ruju qo‘ygandi. Bu shunchaki gap emas. O‘z vaqtida unga nisbatan sud qarori asosida alkogolizmdan majburiy davolanishdek chora qo‘llangani ichkilikka qanchalar tobe bo‘lganini ko‘rsatadi. Biroq na pand-nasihat, na majburiy ta’sir choralardan naf bo‘ldi. Ichkilik davom etaverdi, oilada janjal to‘xtamadi va har gal kaltak xotinining boshida sinaverdi, sinaverdi...

«Shayton suvi»ga tobelik sabab o‘g‘li Jasur (26 yoshda) bilan ham kelishmovchiliklar ham chuqurlashdi.

2017-yil 21-dekabr kuni allamahalda oilada yana janjal qo‘pti.

Jasur mast otasi changalida tipirchilayotgan onasini qutqarishga tushadi. Shu jarayonda beixtiyor ko‘zi qonga to‘lgan otasining qorini va ko‘kragiga musht tushirib yuboradi...

Kim bilsin, o‘sha kuni farzandning mushtlariga yillar davomida yig‘ilib qolgan alamlar ham qo‘shib tuguldimikan?

Mushtlar zarbidan xushidan ketgan ota tuman markaziy shifoxonasiga olib kelinadi. Biroq u boshqa ko‘zini ochmaydi: yigirma kunlik bexushlikdan so‘ng omonatini topshiradi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 2018-yil 4-apreldagi hukmiga asosan Jasur Xuddiyev O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llangan holda besh yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jinoyat yengil emas. Tayinlangan jazo-chi? Shu xususida qator savollar tug‘ilgani bois jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi Bahodir Aliqulov bilan muxtarsar muloqot qilindi.

– To‘g‘ri, mazkur jinoyat oqibatida inson vafot etdi, –  deydi «delo» viloyat sudining kassatsiya bosqichida ko‘rilganda ma’ruzachi bo‘lgan sudya. –  Biroq buni qotillik deb bo‘lmaydi. Chunki, sudlanuvchi otasini o‘ldirishni qasd qilib harakat qilmagan-da. Shundan kelib chiqib, uning qilmishi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan emas, 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazilishi natijasida jabrlanuvchining vafot etishi) malakalangan.

Birinchi bosqich sudi jazo tayinlashda Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan. Bu nima degani?

— Mazkur moddaga ko‘ra, sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e’tiborga olib, jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq tayinlashi mumkinligi qayd etilgan. Ushbu jinoyat ishida sudlanuvchining aybini yengillashtiradigan holatlar ko‘p: hech kimning da’vosi yo‘qligi, marhumning tirikligidagi ma’naviy-axloqiy ahvoli... Shu va shu kabi yengillashtiruvchi holatlar e’tiborga olinib, sudlanuvchiga qonunda belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlangan, deydi Bahodir Aliqulov.

Hukm qonuniy va asosli deb topilgani ortidan yuqori bosqich sudi uni o‘z kuchida qoldirdi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring