Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud raisining takliflarini Andijon viloyati hokimi inobatga oldimi?

Oliy sud raisining takliflarini Andijon viloyati hokimi inobatga oldimi?

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari har doim ham qonun hujjatlariga mos keladimi? Bu savolga hech ikkilanmay «Yo‘q!» deyish mumkin. Birgina misol – ma’muriy sudlar tomonidan 2018 yilda Andijon viloyatidagi shahar va tuman hokimlarining 39 ta qarori haqiqiy emas deb topilgan. Xususan, Izboskan tumani hokimining 8 ta, Andijon, Baliqchi, Jalaquduq tumani hokimlarining 5 tadan, Oltinko‘l, Shahrixon tumani hokimlarining 4 tadan qarorlari bekor qilingan.

2019 yilning birinchi choragida esa viloyat bo‘yicha shu kabi 11 ta hujjat haqiqiy emas deb topilib, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolarning mulk va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari tiklangan.

To‘g‘ri, shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorlarga nisbatan da’vo kiritgan fuqaroning qonuniy manfaatlari sudda himoya qilinishi turgan gap. Biroq adolatni qaror toptirish o‘z-o‘zidan bo‘ladimi: ovoragarchiliklar, asabbuzarliklar, advokat xarajatlari… Aksar hollarda hokimlik vakillarining sud majlislariga kelmasligi oqibatida jarayonning cho‘zilishini-ku, aytmang.

Xullas, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov tomonidan ayni jihatlar tahlil qilinib, o‘tgan yil 28 may kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga rasmiy xat yo‘llangan, unda fuqarolar va yuridik shaxslarning mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash maqsadida oltita taklif berilgandi. Takliflardan eng muhimi hokimliklarning yuridik xizmat xodimlarini adliya organlarida o‘qitish, malaka va huquqiy savodxonligini oshirish, shuning barobarida hokimlarning qaror loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdagi roli va javobgarligini kuchaytirish bilan bog‘liq edi.

Kuni kecha viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutasaddilardan ayni shu masalaga izoh so‘raldi.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Otabek Bozorovning ta’kidlashicha, adliya organlari hokimlarning barcha uchun majburiy tusdagi qarorlarini ekspertizadan o‘tkazishi kerak. Shunga qaramay, vaqti-vaqti bilan umummajburiy xarakterga ega bo‘lmagan qarorlar ham mutaxassislar tomonidan o‘rganib turiladi. Nainki sudda, balki adliya taqdimnomalari hamda prokuror protesti asosida bekor qilingan hujjatlar ham talaygina.

Yuqoridagi kabi muammolarning oldini olish maqsadida o‘tgan yili 124 nafar yuridik xizmat xodimi Yuristlar malakasini oshirish markazining sayyor o‘quvlarida malaka oshirdi, 90 nafari attestatsiyadan o‘tkazildi. Davlat organlari va tashkilotlarga 100 nafarga yaqin huquqshunos lavozimga tayinlandi. Ularning ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishlari uchun turli qo‘llanmalar ishlab chiqilib, tarqatilmoqda. Qayd etildiki, barcha davlat idoralarini birdaniga kuchli salohiyatga ega bo‘lgan huquqshunoslar bilan ta’minlashning imkoni yo‘q, musulmonchilik asta-sekin, degan gap bor axir. Shunga qaramay, joriy yilda ham ularni o‘qitish, savodxonligini oshirish va muayyan natijaga erishish yuzasidan adliya boshqarmasining rejalari katta.

Anjumanda ta’kidlanishicha, hisobot davrida adliya boshqarmasi va bo‘limlariga kelib tushgan 5 ming 540 ta murojaatning 72 foizi qanoatlantirilgan. Ular asosida turli idoralarga 393 ta taqdimnoma, sudlarga 3 milliard 400 million so‘mdan ziyod mablag‘larni undirish yuzasidan 520 ta da’vo ariza hamda 100 ta ma’muriy taklif kiritilgan.

Darvoqe, jurnalistlar bilan muloqotda yana bir jihat ochiqlandi: 2019 yilda notariuslarning xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan shikoyatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 3 nafar notariusga intizomiy jazo qo‘llanildi. Davlat notarial idoralarining attestatsiyadan o‘tkazilgan 48 nafar xodimidan 18 nafari esa lavozimiga noloyiq deb topilgan.

Nurillo No‘’monov

Manba: ishonch.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring