Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud ostonasida «isyon»? Holatlar, haqiqatlar...

Oliy sud ostonasida «isyon»? Holatlar, haqiqatlar...

Foto: Xabar.uz

Sudyalar oliy maktabi, so‘ng Oliy sudi ostonalaridagi manzaralar hafta o‘tib hamki ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda. Tasvirda katta temir darvozasi ichki ishlar xodimi tomonidan yopiladi, tashqarida qolgan bir guruh ayollar g‘ala-g‘ovur ko‘taradi...

Ayni jarayonlar «Human.uz» saytida faol yoritilishidan tashqari suddan noroziligi aytilayotgan odamlarning intervyulari tarmoqdagi kanalga joylashtirib borilgani vaziyat bir qadar jiddiy ekaniga o‘xshab ketadi ham. Vaziyat haqiqatda jiddiy deyilsa, voqelik shov-shuvga o‘ch boshqa saytlarning e’tiborini tortib, Oliy sud matbuot xizmati xodimlarini savollar bilan «terlatishi» yoki mahkamaning maxsus bayonot bergani kuzatilgani yo‘q. Biroq tarmoqlarda qizg‘in muhokama tinmayotir. Bildirilayotgan munosabat(komment)larda inson sha’ni, qadr-qimmati ayyovsiz tuproqqa qorilib, tizim xodimlarining yetti pushti ham unutilmayaptiki, haqoratlardan ko‘ngil ag‘dariladi...

«Xabar.uz» voqelikni imkon qadar o‘rganib, ushbu e’tiboringizga havola etilayotir. Oliy sud ostonasida go‘yoki isyon ko‘targan o‘n-o‘n besh chog‘li fuqarolarning e’tirozlari ma’lum. Qayta bayonga ehtiyoj yo‘q. Shu bois, so‘rovimizga javoban mahkama matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga kengroq o‘rin berilmoqda, bu noxolislik emas, bor-yo‘g‘i ikkinchi tomonni tinglash, posangini to‘g‘rilash, xolos.  

«Human.uz»ga murojaat qilganlar kimlar? Ularning arzi-holi mazmuni-chi? Oliy sudning ochiq eshiklari ular uchun taqa-taq yopilganmi?

Mana, shu va shu kabi savollarga Oliy sud matbot xizmatining javobi: «... Murojaatchilardan 3 nafarining ishi allaqachon ularning foydasiga hal bo‘lgan, 2 nafari oqlangan, 12 nafar shikoyatchining ishi viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya va kassatsiya instansiyalarida, 2 nafar shikoyatchining murojaati Oliy sud tomonidan nazorat tartibida o‘rganilayotir, 1 nafar murojaatchining ishi viloyat sudi tomonidan yangi ochilgan holat bo‘yicha ko‘rilmoqda...».

Izoh: raqamlar murojaatchilarning e’tirozlari tamoman asossiz emasligini anglatishi barobarida ularning shikoyati yoppasiga rad etilmayotganini ham ko‘rsatadi. Javobda besh nafar murojaatchining murodi allaqachon hosil bo‘lgani, o‘n uch nafarining ishi viloyat darajasidagi sudlarda ko‘rilayotgan bir paytda ularning Oliy sud ostonasida kuymanalib yurgani, darhaqiqat, ajablanarli. Tartib-taomilga ko‘ra, oliy mahkamaga viloyat bosqichida ko‘rib chiqilgan ishlardan norozi bo‘linsagina murojaat qilinadi. Quyi sud qaroridan norozimisiz, marhamat – yuqori bosqichga shikoyat qiling, tartibga rioya etsangiz — bas: tuman (shahar), viloyat va nihoyat, respublika... Sudlar bir necha pog‘onaga bo‘lib qo‘yilganining sababi ham shu: iloji boricha, quyi sudlarda yo‘l qo‘yilishi ehtimoli bo‘lgan xatolarni bartaraf etib, pirovardida, qonuniylikni ta’minlash. Hali viloyat darajasida ko‘rib chiqishga ulgurilmagan ishlar yuzasidan Oliy sudga murojaat etish, juda yumshoq aytganda, tartibni bilmaslikdan boshqa narsa emas. Ishi viloyatlarda ko‘rilayotgan bir necha o‘nlab insonning bir vaqtda, poytaxtning bitta manzilida jam bo‘lib, o‘z e’tirozlarini jo‘rovozlikda bildirilayotgani esa, chindan-da katta jumboq...

— Murojaatchilar Oliy sud rahbariyati tomonidan bir necha marotaba qabul qilingan, — deyiladi mahkama matbuot xizmati tomonidan taqdim ma’lumot-matnda. — Endi qabuldagi holatni qarang: buxorolik Munisa Ochilovadan «Nimadan norozisiz?» deb so‘ralganida, u: «Uyim rasmiylashtirib berildi. Lekin, nega qo‘shnimning uyini buzmaysanlar?» degan talabini aytdi.

Aslida nima bo‘lgan edi?

M.Ochilova va uning turmush o‘rtog‘i Sherali Qosimov Jondor tumanidagi «Muzaffar-Qosim-Azim» nomli fermer xo‘jaligiga tegishli 42-konturidan 240 kv.m. maydoniga o‘zboshimchalik bilan imorat qurib olgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudining 2015 yil 4 iyundagi hal qiluv qarori bilan Jondor tuman hokimligining imoratlarni buzish, yer maydonini fermer xo‘jaligiga qaytarish haqidagi da’vosi qanoatlantirilgan. Ish kassatsiya instansiyasida ko‘rilib, qaror o‘zgarishsiz qoldirilgach, Sh.Qosimov va M.Ochilova nazorat tartibida Oliy sudga murojaat etishadi. O‘z navbatida Oliy sud tomonidan hal qiluv qarori ijrosi to‘xtatilib, tuman hokimligidan Sh.Qosimov qurgan imoratlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umum davlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan egalik berish  masalasini ko‘rib chiqish so‘raldi. Shundan so‘ng hokimlik ular tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurgan imoratiga egalik huquqini belgilab bergach, ish viloyat sudida yangidan ko‘riladi. Hokimlik da’vo talabidan voz kechganligi bois fuqarolik ishi bo‘yicha ish yuritish tugatiladi... Muammo hal!

Endi nima deysizki, Oliy sud aralashuvi bilan muammosi hal bo‘lgan M.Ochilova qo‘shnisining uyi nega buzilmayotganidan yozg‘irib poytaxtda yuribdi... Kulasizmi yoki kuyasizmi?

Yoki fuqaro Gulbahor Karimbekovaning murojaatini olaylik. Ayol turmush o‘rtog‘i S. Islamov jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 11 yil 16 kun muddatga ozodlikdan mahrum etilganidan norozi. Muddat oz emas, to‘g‘ri. Xo‘p, mahkum qanday jinoyatda ayblangan edi?

Voqelik bir shoir «qora tush»ga qiyoslagan yaqin o‘tmishda emas, mamlakatdagi yangilanishning ilk davrida ro‘y bergan. Ya’niki, S. Islamov 2016-yil 30-sentyabr kuni qonuniy turmush o‘rtog‘i Odinaxon Islamova bilan o‘zaro janjallashib, boshqaruvidagi «Epika»ni ayolining ustiga qarab haydaydi. O.Islamova yerga yiqilgach, uning ustidan bir necha marotaba qasddan bosib o‘tadi! Bu shafqatsizlik jabrlanuvchining tog‘asi, kelini va jiyanining ko‘z oldida ro‘y beradi. Ayoli g‘ildirak tagidan jon bergach, S.Islamov voqea joyidan qochib ketadi.

To‘g‘ri, dastlab ayni qilmish JKning 104-moddasi bilan malakalanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida shunga yarasha jazo tayinlanadi. Marhumaning tuprog‘i sovumay G.Karimbekova va S.Islamovlarning qonuniy nikohdan o‘tib olgani turli gap-so‘zlarga sabab bo‘lgani o‘z yo‘liga. Bu ularning shaxsiy hayoti. Ammo jabrlanuvchilarning shikoyati hamda prokuror protestiga asosan ish Oliy sudda nazorat tartibida o‘rganilib, sud hukmi bekor qilinadi. Keyinchalik ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida ko‘rilib, har ikkala tomonning vajlarini tekshirib, dastlabki va sud tergovi materiallari asosida S.Islamov O‘zbekiston Respublikasi JK 97-moddasi 2-qismining «j», «i» bandlarida nazarda tutilgan qotillik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topiladi. Natijada u 11 yidan ko‘proq muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Birovni qotillikdek o‘ta og‘ir jinoyatda ayblab, javobgarlikka tortish o‘ta jiddiy masala. Hukmdan G.Karimbekova norozi ekan, hech qanday tushov yo‘q. Gap shundaki, shikoyatni ayol emas, amaldagi JPKning 510-moddasiga asosan, sud hukmi va ajrimlariga nisbatan mazkur kodeks 498-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar, ya’ni mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili keltirishga haqli. Shuginani ayol tushunsa, qani?!

Norozilar orasida bekobodlik Mavluda Matmusayeva ham bor. U sudlardan nega norozi?

2006-yil 3-avgustda Bekobod tuman hokimining 236-sonli qarori bilan tuman markaziy istirohat bog‘ hududi M.Matmusayevaning turmush o‘rtog‘i, o‘sha vaqtda tuman IIB boshlig‘i vazifasida ishlab turgan Bahodir Matmutsayevga vaqtincha foydalanish uchun biriktirilgan. Keyinchalik B.Matmusayevgan nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, u qochib ketadi va hozirgi kunga qadar qidiruvda!

Bu orada bog‘ butunlay qarovsiz qoladi. Undagi dov-daraxtlar quriy boshlaydi. Shu bois tuman hokimi 2006-yil 3-avgustdagi qarorini bekor qilib, istirohat bog‘ini «Bekobodsement» AJ ixtiyoriga beradi.

Hammasi shundan keyin boshlanadi. M.Matmusayeva Bekobod tuman hokimligi va «Bekobodsement» AJga nisbatan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga da’vo arizasi beradi.

Birinchi bosqich sudining hal qiluv qarori fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasida (2018-yil 18-mayda) bekor qilinib, M.Matmusayevaning da’vo talablarini rad etish haqida yangi hal qiluv qarori chiqariladi. Oliy sudda mazkur ajrim bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun kassatsiya instansiyasiga yuborilgan. Ish yangidan ko‘rilganda takror tasdiqlanadiki, bog‘ hududi fuqaro Matmutsayev Bahodirga vaqtincha foydalanish uchun berilgan, illo xususiy mulk qilib emas. Shunday ekan, qolaversa, bog‘ qarovsiz holda qolgani, yer maydoniga bo‘lgan huquq yer maydonidan maqsadsiz foydalanilganligi sababli qonunda belgilangan tartibda bekor qilinganligi inobatga olinib, M.Matmusayevaning moddiy va ma’naviy zararni undirish haqidagi da’vosi rad etildi.

Holatga izoh shart bo‘lmasa kerak: bundan boshqacha bo‘lishi mumkinmi?

«Human.uz» «Bir guruh fuqarolar sud qaroridan norozi»ligini ko‘tarib chiqar ekan, Jinoyat kodeksining 169-moddasining turli qismlari bilan ayblangan S.Tursunov va boshqalarning yaqinlariga ham minbaridan joy ajratadi.

Mazkur jinoyat ishi 2019-yil 13-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Sudlanuvchilar Sa’dullo Tursunov (muqaddam 5 marotaba sudlangan), Sherbek Toshev, Adham Tursunov, Umidjon Tangriyev (muqaddam 3 marta sudlangan), Shuhrat Bekmurodov, Otabek Qurbonov,Dilshod Muxtarov, Odil Xudaynazarov, Ruslan Azimov, Jahongir Sharipov, Nozim Nosirov, Vohid Samandarov, Erkin Jo‘raqulov, Jo‘rabek Sulaymonov,Muhammad Bababekov, Dilshod Shodiyev, Sherzod Ochilovlar o‘zaro jinoiy til biriktirib, boylik orttirish maqsadida katta miqdordagi neft mahsulotlarini o‘g‘irlashadi.

Sud uyushgan guruhga rahbari S.Tursunovni xavfli retsidivist deb topib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Guruhning boshqa a’zolari ham (jami 17 nafar shaxs) turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

E’tiborli jihati shundaki, ayni kunlarda mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudining kassatsiya bosqichida ko‘rilmoqda. Ana shunday bir paytda mahkumlarning yaqinlari va qarindoshlari Munira Yusupova, Zilola Tursunova, Rajab Toshev va Gulbahor Sirojova sudning qonuniy yechimini kutmasdan Oliy sud binosiga kelib janjal ko‘tarishini qanday tushunish mumkin? Ishni avval viloyat sudi ko‘rsin, kim norozi bo‘lsa, marhamat – shikoyat qilish imkoniyati mavjud. Axir bu OAV orqali sudga ta’sir o‘tkazish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish emasmi?

...Pirovardida, mahkama matbuot xizmati alohida ta’kidladiki, sudlar faoliyati muayyan xato-kamchiliklardan xoli deyilsa, adolatga ozor yetadi. Biroq sudyalarni sidirg‘asiga noxolis deyish ham insofdan emas. Keyingi ikki-uch yilni avvalgi davrga taqqoslang: o‘zgarishlar nechog‘li? Chiqarilayotgan yuzlab oqlov hukmlari yoki oddiy fuqarolarning katta mansabdorlarga nisbatan berayotgan da’volarining qanoatlantirilayotgani-chi? Har haftada joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda necha o‘nlab murojaatchining murodi hosil bo‘layotganidan ko‘z yumib bo‘lmas, axir?!

Yuqorida murojaatchilarning ayrimlari tilga olindi, xolos. Boshqalarning murojaatlari mazmuni va uning asl holatga nechog‘li mos kelishi bo‘yicha ham Oliy sudning javobi tayyor.

Sudlardan xolislik va adolat talab qilinar ekan, OAVlardan ham shu omillarga rioya etish talab qilinishi tabiiy. Ommaviy axborot vositalari erkinlikka yuz tutib, jamiyatdagi muammolar ochiq-oydin yoritilayotgani quvonchli hol, albatta. Unutmaslik kerak: tarozining ikki pallasi bo‘lganidek, jurnalist zimmasida huquqiga yarasha majburiyati ham bor. Majburiyatdan chekinish esa muayyan huquqiy ta’sir choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yuqoridagi bayonlardan kelib chiqib, so‘zimiz nihoyasida bitta savol bersak:nimalar qilyapsiz o‘zi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring