Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud mutasaddilarini savollarga ko‘mgan Sheron Reyes o‘zbekchani o‘rganishga tushdi

Oliy sud mutasaddilarini savollarga ko‘mgan Sheron Reyes o‘zbekchani o‘rganishga tushdi

Sheron Reyes.

Sheron Reyes (Sharon Reyes) — gollandiyalik. «Global media creators» studiyasi prodyuseri. AQSh fuqaroligiga ham ega. Ko‘rinishi o‘zimizning tog‘ qizlarini eslatadi. Bu bejizga emas ekan. Zoti osiyolik: onasi — yapon, otasi — indoneziyalik.

Yaqinda bir guruh mahalliy va xorij ommaviy axborot voistlari xodimlari uchun Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlariga press-tur uyushtirilganidan xabaringiz bor. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilgan mazkur turneda Sharon Reyes xonim ham ishtirok etgandi.

Tovonidan o‘t chiqadigan hamkasbimizning o‘z ishiga munosabati, shuningdek, yurtimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qonunchilikka bo‘lgan katta qiziqishi e’tiborimizni tortdi. O‘ziyam press-tur davomida tuman, viloyat sudi raislaridan tortib to Oliy sud mutasaddilarigacha savollarga ko‘mib tashladi. Ayniqsa, fuqarolik va jinoiy qonunchiligimizning o‘ziga xos qirralari, xususan, oilaviy, mulk va merosga oid nizolar, ma’lum toifadagi sudlanuvchilarga nisbatan tatbiq etiladigan yengilliklar borasida jo‘shib savollarga tutishidan mutasaddilar yaxshigina «terlashdi» ham.

Sud mutasaddilari dalillar bilan gapirishga odatlangan. Mehmon xonimning savollariga javob berisharkan, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, milliy qonunchilik va sud amaliyoti borasida qator amaliy qo‘llanmalar, adabiyotlar, yo‘riqnomalar chop etilganini aytib, ulardan namunalar ko‘rsatdi. Eng asosiysi — qo‘llanmalarda qonunning «qattiq tili» yumshatilib, keng kitobxonlarga tushunarli tayyorlanganiga alohida urg‘u berdilar. Sharon Reyes qo‘shma loyiha doirasida o‘zbek tilida chop etilgan qo‘llanmalarni bir-bir ko‘zdan kechirar ekan, hammasidan bir nusxadan berishni iltimos qildi.

Iltimosni bajo qilishda muammo yo‘q, biroq ajnabiy jurnalist ularni qanday o‘qiydi? Balki mazmunini qisqa tarjima qilib berish kifoyadir?

Sheron xonim taklifni mamnuniyat bilan tinglarkan, aytdiki, qo‘llanmalarni Niderlandiyaga olib ketaman, shu sabab bo‘lib, o‘zbekchani o‘rganishga tushsam, ne ajab?

Bir xorijlikki shuncha qiziqibdi, Oliy sud tomonidan tayyorlanib, aholiga bepul tarqatishga mo‘llangan mazkur adabiyotlar bilan biz ham tanishib qo‘ysak, foydadan xoli bo‘lmas.

1

«Oila va nikoh munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolar bo‘yicha sud amaliyoti» amaliy qo‘llanmasida nikoh tuzish tartibi, uning shartlari, tugatilishi, er va xotinning mulkiy va nomulkiy huquq va majburiyatlari, farzandlikka olish va uni bekor qilishning protsessual tartibi kabi masalalar bo‘yicha batafsil huquqiy tushuntirishlar berilgan. Oila va nikoh munosabatlarida nizo va kelishmovchiliklarga ko‘proq sabab bo‘layotgan masalalar bo‘yicha sud amaliyotidan misollar, sud hujjatlaridan namunalar va tegishli Oliy sud Plenumining qarorlari berilgan. 

2

«Vorislik huquqi» amaliy qo‘llanmasida vorislik huquqi, vasiyatnoma va uning turlari, vasiyatnomani rasmiylashtirish borasidagi mavjud qonun talablari, merosni qabul qilish bilan bog‘liq tartib hamda huquq va majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berilgan. Shu bilan birga vorislik huquqi bo‘yicha yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarning xalqaro kelishuv va shartnomalar asosida tartibga solinishi borasida umumiy ma’lumotlar, meros huquqini amalga oshirish jarayonida tuziladigan hujjatlarning namunalari ham keltirilgan.

3

«O‘zbekistonda meros huquqi»da esa meros qilib qoldirish mumkin bo‘lgan mulklar, vasiyatnoma tuzishning muhim jihatlari, vasiyatnomalarni taqsimlash tartibi, merosni egallash, merosning taqsimlanishi, notarial harakatlar amalga oshirilganlik uchun to‘lanadigan davlat boji stavkalari va boshqa masalalarga taalluqli ma’lumotlar beriladi. Ma’lumotlar qiziqarli infografikalar, jadvallar, sxemalar va rasmlar yordamida aholining keng qatlamlariga tushunarli tilda aks ettirilgan. 

4

«Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish tartibi» nomli amaliy qo‘llanmada respublikamizdagi mavjud sud tizimi, sudning vazifalari, vakolatlari, joylashgan manzillari va ularga murojaat qilish tartibi oddiy va sodda tilda bayon qilinadi. Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilishdan oldin hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar, da’vo arizasi, ariza va shikoyatlarning shakli va mazmuniga qo‘yiladigan talablar, ularni sudga yuborish, davlat bojini to‘lash, zarur hujjatlarni ilova qilish bilan bog‘liq tushuntirishlar ham o‘z aksini topgan.

5

Aholidan kelib tushayotgan arizalar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolar ko‘proq qaysi sudga qanday tartibda murojaat qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishga oid qanday talablar mavjudligini, sud jarayonlarida va sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishda nimalarga e’tibor berish kerakligini so‘rashadi. «Sudga murojaat qilish va sud hujjatlari ustidan shikoyat berish tartibi» risolasi ayni shu ehtiyoj hosilasidir. 

6

«Voyaga yetmagan bolalarning ta’minot olish huquqi». Mazkur risolada voyaga yetmaganlarning ota-onadan moddiy ta’minot olishga bo‘lgan huquqi borasidagi ma’lumotlar jamlangan bo‘lib, u rus va o‘zbek tillarida chop etildi. Mazkur nashrda sudga murojaat etgan holda alimentni undirish tartibi, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment to‘lovi miqdorini aniqlash, sud buyrug‘ini chiqarish to‘g‘risidagi ariza yoki da’vo arizasi bilan sudga qanday tartibda murojaat qilish, aliment ushlab qolinadigan daromadlarning turlari hamda aliment to‘lashdan bosh tortayotgan shaxsga nisbatan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan choralar haqidagi huquqiy tushuntirishlar berilgan.

7

«Mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar» amaliy qo‘llanmasida mehnat huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar tushunchasi, ularning turlari, kelib chiqish sabablari, ushbu nizolarning sudlarda ko‘rib chiqilishi va hal etilishi bilan bog‘liq nazariy va amaliy tavsiyalar, qoidalar, yo‘l-yo‘riqlar berilgan. Qo‘llanma fuqarolar, tashkilotlar, sudyalar, advokatlar, yuridik soha mutaxassislari, talabalar va huquqshunoslikka qiziquvchi kitobxonlarga mo‘ljallangan.

8

«Iqtisodiy sudlarga murojaat qilish tartibi» amaliy qo‘llanmasida esa xo‘jalik sudlari negizida tashkil qilingan iqtisodiy sudlar haqida umumiy tushunchalar, iqtisodiy sudlar tizimi, ularning manzillari, vakolatlari, boshqa sudlardan farqli jihatlari, ular ko‘rib chiqadigan nizolarning doirasi ommabop tarzda yoritilgan.

9

«Ko‘chmas mulk va mulk huquqi». Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — avvalo, insonlarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan.

Islohotlarni ruyobga chiqarishning huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy asosi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi, 44-moddasida esa har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi kafolatlangan.

Mazkur qo‘llanmada mulkiy huquq himoyasining huquqiy asoslari haqida keng ma’lumot beradi.

***

Mazkur amaliy qo‘llanmalar fuqarolar, tashkilotlar va davlat organlarining vakillarining o‘z haq-huquqlarini qonuniy himoyada yaqin huquqiy maslahatchi bo‘lishi shubhasizdir. Ularning elektron nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring