Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘g‘limni o‘ldirganlar ko‘pchilik bo‘lsa-da, lekin bir kishining bo‘yniga qo‘yishmoqchi». Bosh prokuratura ushbu murojaatga munosabat bildirdi

«O‘g‘limni o‘ldirganlar ko‘pchilik bo‘lsa-da, lekin bir kishining bo‘yniga qo‘yishmoqchi». Bosh prokuratura ushbu murojaatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda qashqadaryolik S.Muqimovaning «O‘g‘limni o‘ldirganlar ko‘pchilik bo‘lsa-da, lekin bir kishining bo‘yniga qo‘yishmoqchi» mazmunidagi murojaati tarqagandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, ushbu murojaat tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.  

Avvalo, murojaat mazmuni haqida. Unda ona 30 yashar o‘g‘li J.Xushboqovni bir necha shaxs vaxshiylarcha o‘ldirgani, bitta gumonlanuvchi Rossiyaga qochirib yuborilgani, uning pasporti olib qo‘yilmagani, qon tahlilida boshqa odamning qoni chiqqani, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qon tahlilida farzandidan tashqari yana uch kishining qoni borligi, ular orasida o‘g‘lini uyidan olib chiqib ketgan bolaning qoni yo‘qligi (bu bola vositachi bo‘lib), o‘g‘lini o‘ldirganlar boshqa ekanligini aytib, tergov harakatlari noto‘g‘ri o‘tkazilganidan norozilik bildiradi.

Voqelikka kelsak. 2019-yilning 27-sentyabr kuni (soat 18 lar chamasi) Yakkabog‘ tumanining «Alaqarg‘a» qishlog‘idagi xususiy korxonasiga qarashli oshxona ro‘parasidan J.Xushboqov bosh qismining ensa sohasida o‘tkir sanchib kiruvchi jism bilan yetkazilgan tan jarohati bilan xushsiz holatda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘sha kunning o‘zida Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jabrlanuvchi, oradan ikki kun o‘tib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shifoxonada vafot etgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizasi J.Xushboqov «orttirilgan kalla miyaning ochiq shikastlanib, bosh miyaning og‘ir darajali lat yeyishi, bosh miya to‘qimasiga va miya qorinchalariga qon quyilishi, o‘ng chakka peshona suyaklarining botib sinishi» kabi jarohatlarning kechishi jarayonida rivojlangan o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida vafot etgani haqida xulosa beradi.

To‘plangan tergov hujjatlariga ko‘ra, ushbu jinoyatni oldindan bo‘lgan kelishmovchilik tufayli Sh.Safarov sodir etganligi aniqlangan.

Tergov natijasiga ko‘ra, Sh.Safarovga JKning 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblov e’lon qilinib (qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan), jinoyat ishi 31.12.2019-yilda ayblov xulosasi bilan JIB Chiroqchi tumani sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishi hozirda sudda ko‘rilmoqda.

Alohida ta’kid shartki, inson hayotiga tajovuz qilish — favqulodda holat hisoblanib, voqelik aniqlangan paytdayoq bu haqda shaxsan Bosh prokuror xabardor etiladi. Bu esa bunday og‘ir jinoyat alohida nazoratga olinishini anglatadi. Murojaat qilgan ayolni inson sifatida tushunamiz, farzandni yo‘qotish og‘ir musibat. Biroq og‘ir jinoyatlar bo‘yicha, xususan, qotillik kabi qilmishlar bo‘yicha tergovlar jiddiy tarzda olib boriladi. Agar sud tergovi davomida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yangi holatlar aniqlangudek bo‘lsa, qo‘shimcha surishtiruvlar o‘tkazilishiga hech qanday monelik yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring