Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda ofitsiant qizning yonini olgani uchun kaltaklangan fuqaro qidirilmoqda (video)

Toshkentda ofitsiant qizning yonini olgani uchun kaltaklangan fuqaro qidirilmoqda (video)

Foto: «rostovgazeta.ru»

Internetda bir necha shaxs tomonidan bir kishining kaltaklanayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Ushbu video Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan va «Matiz» avtomashinasi yo‘lovchisini do‘pposlagan shaxslar aniqlangan. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa 22-aprel kuni soat 23:00larda Shayxontohur tumanidagi «Chaqar» mahallasida sodir bo‘lgan.

38 yoshli A.X. tanishlari: 37 yoshli D.G. va 38 yoshli A.M. bilan ushbu mahallada joylashgan kafeda kechki ovqat tanovvul qilgan. Mast holatda bo‘lgan A.X. ushbu kafeda ishlovchi ofitsiant qiz, 23 yoshli R.R. bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Mojaroga guvoh bo‘lgan A. qizning yonini olgan, so‘ng kafedan chiqib, ketmoqchi bo‘lgan. A.X. va uning ikki tanishi uning ortidan chiqib, uni ayovsiz kaltaklashgan.

Hodisadan so‘ng A. noma’lum tomonga ketgan, u na davolash muassasasiga, na IIBga tan jarohatlari haqida murojaat qilmagan. Shu sababdan uning shaxsi hozircha noma’lumligicha qolmoqda. IIB xodimlari voqea joyiga yetib borishganida, bezorilar qonunga zid harakatlarni to‘xtatish va yaqin oradagi IIB bo‘limiga borish bo‘yicha talablarni bajarishdan bosh tortgan.

R.R.ning Shayxontohur tumani IIBga bergan arizasi bo‘yicha A.X., D.G. va A.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 183- (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismida (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, Shayxontohur tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudiga topshirilgan. Sud ushbu shaxslarni huquqbuzarlik sodir etishda aybdor deb topib, ularning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

«Hurmatli fuqarolar va poytaxt mehmonlari! Ushbu hodisadagi jabrlanuvchining shaxsini aniqlashda yordam berishingizni so‘raymiz. Ma’lumotni 102 raqami yoki ichki ishlar bo‘limiga taqdim etish mumkin», — deyiladi IIBB xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring