Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odamlarni 645 million so‘mga «uxlatgan» «hokimning onasi» qo‘lga olindi

Odamlarni 645 million so‘mga «uxlatgan» «hokimning onasi» qo‘lga olindi

Foto: Google.com

Xo‘jayli tumanida «hokimning onasiman, hokimning opasiman» deb odamlarni 645 mln. so‘mga «uxlatgan» ayol qo‘lga olindi. Bu haqda «Saidahmadov blogi»da xabar berildi.

Bundan bir necha kun oldin, Madreymova Tamara ismli fuqaroning Xo‘jayli tumani hududida firibgarlik jinoyatlarini sodir etib yurganligi haqida ma’lumot berilgan edi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tezkor ishlari natijasida shubha ostiga olingan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Madreymova Tamara Jandullayevna muqaddam 5 marotaba firibgarlik jinoyatlarini sodir etib, sudlanganiga qaramay, 2018 yil dekabridan 2019 yil avgustiga qadar fuqaro S. J. bilan tanishib, o‘zini «Xo‘jayli tumani hokimining opasiman» barcha muammolaringizni o‘zim hal qilaman, yer olib beraman hamda «Nukus shahar Markaziy bozordagi buzilgan 9 ta do‘koningizning pullarini undirib beraman», deb aldov yo‘li bilan ishonchga kirib, uning jami 645.000.000 (olti yuz qirq besh million) so‘m naqd pullarini qo‘lga kiritgan va qaytarib bermay, chuv tushirgan.

Eng asosiysi, xavfli retsidivist hisoblangan T.Madreymova mobil telefon orqali o‘z ovozini o‘zgartirib gaplashgan. Ya’ni «men hokimning onasiman, hokimning opasiman» degan hiyla-nayranglari bilan odamlarni g‘aflatda qoldirgan.

Xo‘jayli tumani hokimligining Axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Hozirgi vaqtda Xo‘jayli tumani IIB Tergovchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, T.Madreymova tegishli tartibda, qamoqqa olingan.

Tergov natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring