Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Monopoliyaga qarshi qo‘mita: Reklamani o‘zbek tilida qo‘y deb buyruq berishga hech kimning haqqi yo‘q

Monopoliyaga qarshi qo‘mita: Reklamani o‘zbek tilida qo‘y deb buyruq berishga hech kimning haqqi yo‘q

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz hududida reklama sohasining barcha ishtirokchilari uchun teng huquqlar yaratilishini ta’minlash, tashqi reklamani joylashtirishning qonuniy tartiblari, reklamani ko‘cha va yo‘llar qatnov qismi uzra joylashtirishda xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilinishi masalalari muhokama qilindi.

Jurnalistlar bilan muloqot davomida 2018 yilda joylashtirilgan tashqi reklamalarning necha foizi o‘zbek tilida, necha foizi boshqa tillarda bo‘lgani haqida savol berildi.

«1998 yilda qabul qilingan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunni hech kim bekor qilgani yo‘q, — dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov. — Ushbu qonunning 5-moddasida reklamaga qo‘yilgan talab ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni, reklama beruvchining xohishiga ko‘ra u xohlagan tilda bo‘lishi mumkin. Reklama agentligi yoki reklama beruvchiga reklamani o‘zbek tilida qo‘y deb buyruq berishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu qonunda aniq belgilab qo‘yilgan».

Qo‘mita vakili «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri muhokama uchun Regulation.uz saytiga rus va o‘zbek tillarida qo‘yilgani, lekin ko‘pchilik tomonidan fikr bildirilmaganini tanqid qildi.

«Qonunning yangi tahriri jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganiga qariyb bir oy bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirga qadar bor-yo‘g‘i 12 ta sharh yozib qoldirilgan, xolos, — dedi Dilshod Azimov. — Biz mingdan ortiq munosabat bildirilsa kerak, deb o‘ylagandik».

Mazkur qonun loyihasida qo‘shimcha va o‘zgarishlar nazarda tutilgani, jumladan, endi OAV qaysi tilda faoliyat yuritsa, o‘sha tilda reklama berish huquqi kafolatlanishi ma’lum qilindi.

«Shu qonunda biz yangi norma kirityapmiz, endi reklama o‘zbek tilida bo‘ladi. Reklama beruvchining xohishiga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa tilda dublyaj qilinishi mumkin, — dedi Azimov. — Ommaviy axborot vositasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ro‘yxatdan o‘tayotganda qaysi tilda faoliyat yuritishi belgilangan bo‘lsa, o‘sha tilda reklama berish huquqiga ega bo‘ladi. Agar, deylik biror radiokanal qozoq tilida efir olib borsa, qozoq tilida reklama berishga haqli bo‘ladi».

Ma’lumot: «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning jamoatchilik hukmiga havola etilgan yangi tahriri muhokamasi ertaga, 27 iyun kuni yakunlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring