Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIBning 2 nafar xodimi va bir «yugurdagi»ga hukm o‘qildi

MIBning 2 nafar xodimi va bir «yugurdagi»ga hukm o‘qildi

Foto: «Xabar.uz»

Samarqandda Majburiy ijro byurosining (MIB) ikki nafar xodimi va bir «yugurdagi»ga sud hukmi o‘qildi.

Ikki og‘iz jinoyat ishi tafsilotlari haqida.

Ustasiga farqi yo‘q — qozonning qulog‘ini qayerdan chiqarishni biladi, degan gap bor. Biroq MIBning Paxtachi tumani bo‘limi davlat ijrochisi Nazar Aliyev (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) hali o‘z ishining ustasi bo‘lib ulgurmagandi: shu vazifada ishlayotganiga olti oy bo‘lmagan xodimda katta tajriba nima qilsin?! Tajribasizligiki, qo‘liga kelib tushgan ijro hujjati — fuqaro Gullola Po‘latovadan sodir etgan jinoyati oqibatida yetkazilgan salkam 20 million so‘mni undiraman deb nimalar qilmadi, deysiz?!

Avvaliga qarzdorning turmush o‘rtog‘iga tegishli «Spark» rusumli mashinasini xatlab, jarima maydonchasiga tiqdi. Mazkur avtoulov er-xotinning umumiy mulki emasligi, mashina nikohidan avval sotib olinganini isbotlashguncha asablar ozmuncha qaqshamadi.

Biroq bu holva ekan. Keyingi gal N.Aliyev hay-haylashlariga qaramay, qarzdorning uyidagi to‘rt bosh sigirni olib ketdi. Jonivorlar ayolning qaynotasiga tegishli ekanini MIBchi tushunsa, qani?!

Otaxon sudga murojaat qilib, qancha harakat-u xarajat bilan sigirlarini qaytarib olguncha ona suti og‘ziga keldi...

Albatta, ijro hujjati amalga oshirilishi shart. Biroq qarzdorning ahvoli ma’lum: imkoniyati boricha zararning bir qismini to‘ladi. Bu yog‘iga na puli bor, na nomida mol-mulki?! MIBchilar esa qonini ichib to‘ymadi, deng...

Pichoq suyakka yetgach, G.Po‘latova davlat ijrochisining yonida yuradigan  Aziz Valiyevga (bundaylarni soha xodimlari «jamoatchi» deyishadi, aholi esa — «yugurdak»!) murojaat qiladi: rahm qilinglar-yey, baraka topgurlar!

Aziz Valiyev ortiqcha tarang qilib o‘tirmadi: bo‘pti, opa, Nazar akaning ko‘nglidagini bilib, keyin sizga aytaman...

Nazar Aliyevning «ko‘nglida»gi... besh million so‘m ekan! Shuncha mablag‘ evaziga ayolning ishini «40-modda» orqali hal etish mumkin emish (ayni o‘rinda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunining 40-moddasi nazar tutilmoqda. Unda ijro etish imkoniyati yo‘q sud qarorlari toifasi belgilangan bo‘lib, ijro hujjatlari qaytarib yuboriladi. Qonunning ayni moddasi tizimda nainki suiiste’molchiliklar keltirib chiqarishi ehtimoli bilan, balki haqdorning huquqi masalasida ham qator bahs-munozalarga sabab bo‘lib kelmoqda. Bu endi alohida mavzu).

Ayol buncha puli yo‘qligini bildirib, kelishishga urinadi, shu tariqa miqdor to‘rt millionga, so‘ng uch million so‘mga tushadi.

Eng og‘riqlisi, «muzokaralarning so‘nggi bosqichi» MIBning Paxtachi tuman bo‘limi binosida, yana deng byuroning yana bir xodimi Mohir Xudoyberdiyev guvohligida va uning xizmat xonasida bo‘lib o‘tadi! MIB binosidagi bunday manzarani ko‘rib, nima balo, «ochiq savdo» tizim xodimlari uchun odatiy holga aylanganmi, devorasanda kishi?! Qo‘rqish yo‘q, hadik yo‘q — xuddiki kundalik xizmat vazifasini bajarishayotganday...

Mayli, qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas, deydilar. Tasavvurlarimizni nari surib, real voqelikka qaytsak: «stavka» uch milliondan tushmasligiga amin bo‘lgach, G.Po‘latova MIB binosidan chiqib, to‘g‘ri tegishli organga ariza yozadi....

Voqealarning keyingi rivoji ma’lum: davlat ijrochisi 3 millon so‘m pora bilan qo‘lga olinadi. Uning «yugurdagi» ham jinoyat ishiga sherik sifatida jalb etiladi.

Keyinroq bo‘lib o‘tgan sudda davlat ijrochisi Nazar Aliyev pora olganlikda ayblanib, besh yarim yilga «kesilgan» bo‘lsa, uning «yugurdagi» Aziz Valiyevga uch yil berildi.

Tomonlar o‘rtasidagi «ochiq savdo»ga guvohi bo‘lgan yana bir MIBchi M.Xudoyberdiyev ham javobgarlikdan qutulib qolgani yo‘q: jinoyat haqida xabar bermaslik aybi bilan unga ikki yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring