Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oq xalatli mansabdorlar pullik xizmatdan tushgan 13,2 mlrd. so‘mni «yeb ketgan»

Oq xalatli mansabdorlar pullik xizmatdan tushgan 13,2 mlrd. so‘mni «yeb ketgan»

Foto: «Xabar.uz»

Bosh prokuraturada o‘tkazilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishida «Xabar.uz» muxbiri ham qatnashmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev sog‘liqni saqlash tizimida moliyaviy qonunbuzarliklar yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan 2018-yilda 8,2 mlrd. so‘m sarflanishida moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan, 2019-yilda esa bu ko‘rsatkich 3 barobarga ortib, 26,7  mlrd. so‘mni   tashkil qilgan.

Bosh prokuror sohada o‘zini o‘zi moliyalashtirishning yagona manbai — pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, intizom va tartib bo‘shashib ketganini alohida qayd etib o‘tdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazining ayrim mansabdor shaxslari bank xodimlari, jami 12 nafar shaxs bilan jinoiy til biriktirib, 15,3 mlrd. so‘mni o‘zlashtirganliklarini aniqlagan. Shundan, pullik xizmatdan tushgan 13,2 mlrd. so‘m bankka topshirilmasdan, 1,1 mlrd. so‘m esa, xodimlarning ish haqlari, g‘aznadan   ochiqdan-ochiq o‘zlashtirilgan. Kamiga, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar hamda yetkazib berilmagan jihozlar uchun 636 mln. so‘m o‘tkazilib, suv va havodek zarur mablag‘  talon-toroj qilingan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 5 nafar mas’ul mansabdor shaxs qamoqqa olingan.

Bundan tashqari, vazirlik «Tibbiyot-qurilish» injiniring korxonasining ba’zi mansabdor shaxslari tibbiy muassasalarda amalda bajarilmagan qurilish ishlari, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hamda moliyaviy yordam vaji bilan 2,3 mlrd. so‘m o‘tkazib, mablag‘larni   qo‘lga   kiritishgan.

Bu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov o‘tkazish boshlanganidan so‘ng, qisqa muddatda 1 mlrd. so‘mdan ortiq zarar qoplangan.

«Eng tashvishlisi, bunday holatlarga vazirlik ham, budjet nazoratiga mas’ul idoralar ham «ko‘z yumib», sukut saqlashni ma’qul ko‘rishgan. Kim bu ishlarga aralashgan yoki rahnamolik qilgan bo‘lsa, tergov jarayonida barchasining javobgarlik masalasi, albatta, hal qilinadi», — dedi Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring