Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahalla raisini «xalq dushmani» degan deputatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Mahalla raisini «xalq dushmani» degan deputatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Foto: «Xabar.uz»

Farg‘ona viloyati Toshloq tumani ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan M.Zokirovaga, 40-moddasi (tuhmat) va 41-moddasi (haqorat qilish) bilan A.Toshmatovga hamda 41-moddasi (haqorat qilish) bilan O.Haydarovaga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Afsuski, ularning orasida mahalliy kengash deputati ham bor, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, A.Toshmatov ayni paytda xalq deputatlari Toshloq tuman kengashining deputati hamda «Toshloq dehqon bozori» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari.

Ish holatiga ko‘ra, tumandagi «Xo‘jaariq» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Zokirova joriy yil 24 mart kuni yig‘in ma’muriy binosi oldida savdo qilib o‘tirgan O.Haydarovani mahalla binosiga kirish eshigini sotuvdagi buyumlari bilan to‘sib qo‘yganidan g‘azablangan. Uni kiyim-kechaklarini tepib tashlab, uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, baqir-chaqir qilib fuqarolarni tinchligi va osoyishtaligini buzib mayda bezorilik qilgan.

Shundan so‘ng, voqea joyiga bozor rahbari A.Toshmatov yetib kelib M.Zokirova bilan janjallashib ketadi. Bir-birlarini uyatli so‘zlar bilan so‘kishib, o‘sha yerdagi boshqa fuqarolarni tinchligi va osoyishtaligini buzgan. Xususan, janjal davomida A.Toshmatov jamiyatda belgilangan yurish-turish qoidalaridan chetga chiqib va jamoat tartibini mensimasdan, boshqa fuqarolarni oldida M.Zokirovani «xalq dushmani» deb haqorat qilgan. Go‘yoki, kim, qayerda, qanday savdo qilishini o‘zi belgilab berishini ma’lum qilib, savdo ishlarini davom ettirishni uqtirgan.

Bundan tashqari, A.Toshmatov janjal davomida M.Zokirovaga muqaddam tol daraxtini kestirib yuborib, javobgar bo‘lishida go‘yoki pora berib qutulgani haqida gapirib, unga tuhmat qilgan.

– Sud ish holatlarini har tomonlama tahlil qilib, barcha taraflarning harakatlariga baho berdi, – deydi Toshloq tuman ma’muriy sudi raisi Abrorxon Akramov. – A.Toshmatovning xatti-harakatlari M.Zokirovaning shaxsiga emas, balki jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalar, davlat organlari va fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlarining normal ish faoliyatiga qarshi qaratilib, bezorilik hissiyotlari zamirida sodir etilgan deb hisoblab, uni harakatlarini haqorat qilish emas, balki bezorilik deb baholadi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-moddasi va 183-moddalari bilan uzil kesil o‘tashlik uchun ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Shu bilan bir qatorda sud ma’muriy ishning boshqa ishtirokchilari harakatlariga ham qonuniy baho berib, tegishli tartibda jazo va boshqa choralarni qo‘lladi.

A.Toshmatov M.Zokirovani «xalq dushmani» deb so‘kkanligi holatini ushbu so‘z bilan bog‘liq o‘zbek xalqi tarixida ayanchli kunlar bo‘lib o‘tgani va bu kabi jumlalar bilan insonni haqoratlash yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat ekanligiga alohida e’tibor qaratib, tanqidiy baholadi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring