Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kun.uz nashri Bosh prokuratura va IIVga murojaat qildi

Kun.uz nashri Bosh prokuratura va IIVga murojaat qildi

Foto: «Kun.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda Kun.uz sayti tahririyatiga nisbatan haqiqatga mos kelmaydigan, tuhmat va ig‘vodan iborat postlar joylashtirildi. Tahririyat tuhmatchilar topilib, jazolanishiga umid qiladi, deyiladi nashr tomonidan e’lon qilingan maqolada.

Qayd etilishicha, 27 fevral kuni Telegram messenjeridagi anonim blog muallif(lar)i Kun.uz va Azon.uz sayti ma’murlariga nisbatan haqiqatga mos kelmaydigan, tuhmat, bo‘hton va ig‘vodan iborat ma’lumotlarni tarqatgan.

Unda go‘yoki Kun.uz sayti ekstremistik tashkilot g‘oyalarini targ‘ib etishi, tahririyat yirik diniy tashkilotlar tomonidan muntazam moliyalashtirib kelinishi, tahririyat rahbarlari xorijiy davlatlarda «Hizb ut-tahrir» diniy oqimi liderlari bilan ko‘rishib, ulardan pul olishi kabi ma’lumotlar keltirilib, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilingan.

Shuningdek, tarqatilgan postda Azon.uz sayti rahbariyati ham tilga olinadi.

«Azon.uz – jamiyatda diniy ig‘voni yuzaga keltiruvchi, islamizatsiyani rivojlantiruvchi, keng ommani xalifalik tuzumiga tayyorlovchi zararli tashkilotga aylangan bo‘lsa, Kun.uz buni xalqqa yengil tarzda ong ostiga ta’sir ko‘rsatib singdiruvchi xavfli tahririyatga aylandi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Azon.uz bilan kelishmovchilik yuz bergan vaqtda OAVdan faqatgina Kun.uz ushbu voqealarni noxolis, azonchilarning yonini olib, davlatning konstitutsion tuzumiga zid ravishda yo‘l tutib, to‘xtovsiz maqolalar tashlab turdi», deb yozadi anonim kanal muallif(lar)i.

Ma’lumot o‘rnida aytilishicha, 2017-yil kuzida Kun.uz sayti xodimlari tashabbusi bilan saytda e’lon qilinayotgan maqola va materiallarni aholi orasida kengroq tarqatish orqali auditoriyani kengaytirish maqsadida Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida «Xalq ovozi / Golos naroda» guruhi tashkil etiladi. Dastlab guruh adminligini tahririyat xodimlari yuritadi.

Keyinchalik guruh a’zolari va unga joylanuvchi postlar soni ko‘payib ketgach, guruh erkin guruhga aylanib, bir muddat davomida barcha a’zolar post joylashi mumkin bo‘ladi (obщyedostupnaya). Shu vaziyatdan foydalangan ayrim noxolis foydalanuvchilar tomonidan «Xalq ovozi / Golos naroda» guruhiga diniy mavzularda shubhali postlar joylanadi.

Bu hol tahririyat xodimlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Adliya vazirligi mas’ul xodimlarining ogohlantirishidan keyin ayon bo‘ladi va darhol tegishli choralar ko‘riladi, keyinroq ushbu guruh butunlay o‘chirib tashlanadi. O‘sha vaqtda ushbu holatga tahririyat xodimlarining aloqasi yo‘qligi yuzasidan tegishli idoralarga rasmiy tushuntirish va izohlar berilgan.

Foto: «Kun.uz»

Anonim kanalda tahririyatga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarga «dalil» sifatida Feysbukdagi diniy-ekstremistik ruhdagi o‘sha postlardan olingan skrinshotlar ko‘rsatilgan.

Mazkur kanal egasi (egalari) bundan avval ham jamiyatning faol kishilari, xususan, Eldor Asanov, Xurshid Daliyev, Zafarbek Solijonov, Nozim Safari kabi blogerlar va diniy ulamo Mubashshir Ahmad haqida turli uydirmalar tarqatib, ularni obro‘sizlantirishga uringandi.

Kun.uz sayti tahririyati bu kabi ig‘vogarlik harakatlarini so‘z erkinligini bo‘g‘ishga urinish va prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda olib borayotgan ochiqlik siyosatiga qarshilik deb baholaydi.

Shu bois, tahririyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligidan bu ishlar ortida turgan shaxslarni aniqlab, ularning harakatlariga huquqiy baho berib, belgilangan tartibda choralar ko‘rishni so‘ragan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring