Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiyaga qarshi kurashda «Xitoy usuli» qo‘llansa-chi?

Korrupsiyaga qarshi kurashda «Xitoy usuli» qo‘llansa-chi?

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 17-iyun kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev va bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda asosiy gap so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida bo‘ldi. Bu illatga qarshi kurashishda «Xitoy usulini» (bu davlatda korrupsion jinoyatlar uchun o‘lim jazosi beriladi) qo‘llash xususidagi savolga Erkin Yo‘ldoshev quyidagicha javob berdi:

«Jinoyat qonunchiligiga korrupsion jinoyatlar uchun favqulotda jazo sifatida o‘lim jazosini belgilash bilan korrupsiya holatlariga to‘liq barham berib bo‘lmaydi. Xitoyda qanday jazo berilishi bu shu davlatning ichki ishi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat qonunchiligi insonparvarlik tamoyili bilan alohida ajralib turadi. Bizning qonunchiligimizda ham o‘lim jazosi qo‘llash bor edi. Qonunlarni qo‘llashning uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib, bunday qatiqqo‘llik shaxsni qayta tarbiyalashda yetarlicha samara bermadi. Ayrim holatlarda inson huquqlarini tuzatib bo‘lmas darajada paymol etilishiga ham olib kelgani uchun bu amaliyotdan voz kechilgan.

Jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarida azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish bo‘lmasligi kerak.

To‘g‘ri, o‘rni kelganda qattiqqo‘llik ham kerak. Korrupsiyani oldini olish ishlarida e’tiborni qaysi yo‘nalishda kuchaytirish kerak, qanday qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligi doimiy tahlil qilinib, qonunga o‘zgarishlar ham kiritilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining 14.04.2014-yildagi Qonuni bilan Jinoyat kodeksining pora berganlik (211-modda) va pora olish-berishda vositachilik qilganlik (212-modda) uchun jinoiy javobgarlik keskin kuchaytirildi. Ya’nikim, mazkur jinoyatlar «uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasi»dan «o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar toifasi»ga o‘tkazilib, 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi ko‘zda tutilgan.

Asosiy qoida shuki, ozodlikdan mahrum qilishdek jazo chorasi ham jinoyatlar profilaktikasi jarayonining bir-birini to‘ldiruvchi, o‘zaro bog‘liq bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib qolishi kerak».

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring