Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islombek Rustambekov: «Investitsion jozibadorlik uchun barqaror qonunchilik kerak»

Islombek Rustambekov: «Investitsion jozibadorlik uchun barqaror qonunchilik kerak»

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarida xizmat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan turkum intervyularni davom ettiradi.

Navbatdagi suhbatdoshimiz kuni kecha ilk o‘zbekistonlik huquqshunos sifatida ICSID xalqaro arbitrlari ro‘yxatiga kiritilgan hamyurtimiz, yuridik fanlari doktori, professor Islombek Rustambekov bo‘ldi. Huquqshunos professor 5 ta xalqaro arbitraj markazining arbitrlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

 — Avvalo, ilk o‘zbekistonlik huquqshunos sifatida ICSID xalqaro arbitrlari ro‘yxatiga kiritilganingiz bilan tabriklayman! Keling, suhbatimizni ushbu markaz faoliyati mavzusida boshlasak. 

— Rahmat! «Xabar.uz» portaliga intervyu berayotganimdan xursandman. So‘nggi yillar yurtimizda matbuot nashrlari o‘rni yuksalib boryapti. Albatta, ular safida «Xabar.uz»ning ham borligi mamlakatimiz axborot makonida raqobat va xilma-xillikka sabab bo‘lib, soha rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, ICSID — International Center for Settlement of Investment Disputes, ya’ni Investitsiya nizolarini hal etish bo‘yicha xalqaro markaz xalqaro investitsion nizolarni hal qilishga mo‘ljallangan dunyodagi yetakchi institut hisoblanadi. Mazkur markaz 1966-yili davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari o‘rtasida investitsiya bo‘yicha nizolarni hal qilish to‘g‘risidagi konvensiya (1965-yili qabul qilingan Vashington konvensiyasi) asosida tashkil etilgan bo‘lib, shu kungacha 600 dan ortiq investitsiyaviy nizolarni ko‘rib chiqqan.

Markaz nizolarni kelishuv, arbitraj yoki dalillarni topish orqali hal qilishni ta’minlaydi. ICSID jarayoni xalqaro investitsiya nizolari va ularni jalb etgan tomonning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, investorlar va qabul qiluvchi davlatlarning manfaatlari o‘rtasida puxta muvozanatni saqlash uchun ishlab chiqilgan. Har bir holat tomonlarning dalillari va huquqiy asoslarini eshitganidan so‘ng arbitraj tribunali tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, ICSID tomonidan investitsiya faoliyati sohasidagi xalqaro shartnomalar va milliy qonunlar bo‘yicha ma’lumot berish, keng doiradagi nashrlar, jumladan jurnal va to‘plamlar chop etish, turli xalqaro tadbirlar va taqdimotlar o‘tkazib borish faoliyati ham yuritiladi.

Mamlakatimiz Vashington konvensiyasiga va bu orqali ICSIDga 1994-yili qo‘shilgan.

— Sizningcha, shu vaqtga qadar o‘zbekistonlik yuristlarning ICSID xalqaro arbitrlari ro‘yxatiga kirmaganligiga aynan nimalar sabab bo‘lgan?

— ICSID ixtisoslashgan arbitraj markazi, u faqat investitsiya nizolarini ko‘rib chiqadi va hal etadi. Investitsiya nizolari esa o‘ziga xos xususiyatlarga ega hamda uni hal etish uchun belgilangan arbitrlardan chuqur bilim, mazkur sohada tajriba va katta mas’uliyatni talab etadi. Arbitrlar ro‘yxatiga kirish uchun mutaxassis xalqaro investitsiya huquqi, xalqaro arbitraj, xalqaro nizolarni hal etish masalalari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarga, shu sohada amaliy tajribaga ega bo‘lishi kerak hamda mazkur soha doirasida o‘z davlatida va xalqaro miqyosdagi amaliyotchilar o‘rtasida nomini tanita olishi talab etiladi. Shuningdek, nizolarning asosiy qismi ingliz tilida ko‘rib chiqilishi sababli, arbitr ingliz tilini ham mukammal bilishi zarur.

Afsuski ma’lum davrgacha mamlakatimizda mazkur sohada kadr tayyorlashga yetarlicha e’tibor berilmagan hamda bu sohadagi amaliyot rivojlanmagan. Lekin davlatimizdagi iqtisodiy o‘sishlar, xalqaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarning rivojlanishi yuridik kadrlar tayyorlashda xalqaro miqyosda davlat, jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini himoya qila oladigan huquqshunoslarga ehtiyojni kuchaytirdi.

Shu sababli xalqaro nizolarni hal etish, shu jumladan xalqaro arbitraj masalalariga e’tibor kuchayishi boshlandi.

2013-yil Toshkent davlat yuridik universiteti tashkil etilib, unda Xalqaro tijorat huquqi kafedrasi ochilgan va men ushbu kafedraning mudiri etib tayinlanganman. Shunda kafedra fanlariga «Xalqaro tijorat arbitraji» fanini kiritib, uning dasturlarini ishlab chiqib o‘qitishni boshlagan edik. Shuningdek, xalqaro arbitraj sohasidagi mutaxassislarni taklif etib, ko‘plab tadbirlar tashkil etish tajribasini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Keyinchalik Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazi tashkil etildi. Hozirda ushbu Markaz tomonidan aynan xalqaro nizolarni hal etish, xalqaro arbitraj va mediatsiya masalalari bo‘yicha xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etib kelinmoqda. Uning bitiruvchilari xorijiy yuridik kompaniyalar va xalqaro arbitraj markazilariga stajirovkaga yuborilmoqda. Shuningdek, joriy yildan Toshkent davlat yuridik universitetida Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish nomli magistratura mutaxassisligi ham joriy etildi.

O‘ylaymanki, mazkur ishlarimiz kelgusida o‘zining samarali natijasini beradi va xalqaro miqyosda faoliyat yuritadigan, xususan xalqaro arbitraj markazlarida arbitr bo‘lib nizolarni hal etishda ishtirok etadigan mutaxassislarimiz ko‘payadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ham investitsiyaviy nizolar ro‘y berib turadimi? Bilishimcha, bu xususda jamoatchilik ko‘p ham xabardor emas.

— Bugungi kunga qadar mamlakatimiz ishtirokida 8 ta investitsiya nizosi ICSIDda ko‘rib chiqilgan. Ushbu ma’lumot ICSIDning rasmiy veb-sahifasida mavjud. Bir nechta shunday ko‘rib chiqilgan nizolar bo‘yicha ma’lumotlar milliy OAVlarda ham yoritilgan.

Shuni ta’kidlashim o‘rinliki, O‘zbekiston ishtirokidagi bir nechta ishlar xalqaro investitsiya arbitraji amaliyoti uchun muhim pretsedent sifatida e’tirof etiladi.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida aytmoqchiman, bugunga qadar mamlakatimiz 55 ta davlat bilan o‘zaro investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va himoyalash to‘g‘risidagi ikki taraflama shartnomalar imzolagan. Ushbu shartnomalarda investorlar o‘zlarining huquqlari buzilgan va buning natijasida ularga moddiy zarar yetkazilgan deb hisoblaydigan bo‘lsalar ICSID xalqaro arbitraj markaziga murojaat qilish huquqlari kafolatlangan.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, uning jozibadorligini oshirish, shuningdek investitsiya nizolarini oldini olish yo‘nalishida nima ishlar qilinishi kerak deb o‘ylaysiz?

— Yurtimizda investitsiya muhitini va xorijiy investorlar uchun jozibadorlikni oshirish juda muhim. Bu uchun milliy huquq tizimi va amaliyotida birinchi navbatda barqaror qonunchilik va huquq ustuvorligi ta’minlanishi talab etiladi. Ya’ni, investor sarmoya kiritishda keyingi 10-20 yilda qonunchilikda keskin o‘zgarishlar bo‘lmasligi, mamlakat barqaror rivojlanishi, davlat organlari o‘z funksional vazifalarini o‘z vaqtida, ortiqcha byurokratiyasiz va sifatli bajarishi shart. Investorning huquqlari buzilgan taqdirda sud qonun-hujjatlariga muvofiq, to‘liq asoslantirilgan adolatli qaror chiqarishiga ishonch hosil qilishi kerak. Buni esa davlat yillar davomida shakllangan va faoliyat yuritayotgan tizim sifatida ko‘rsatib berish lozim.

Oxirgi yillar qabul qilingan, jumladan, «Investitsiya va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunlar, yangi Soliq kodeksi, shuningdek sud tizimidagi o‘zgarishlar — bularning barchasi aynan adolatli tizim va huquq ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishga qaratilgan. Davlat xizmatchilari aynan shu qonunlar mohiyatini va amalga oshirilayotgan islohotlar mazmunini to‘liq anglagan holda o‘z faoliyatlarini to‘g‘ri va samarali tashkil eta olsalar albatta bularning barchasi o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Suhbatimizni nima uchun aynan ta’lim, xususan ilmiy sohani tanlaganingiz mavzusida davom ettirsak?

— Magistraturada o‘qiyotgan vaqtlarimda aynan ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni, ilmiy maqolalar yozishni, ilmiy tahlil va mushohada qilishni o‘rganganman. Ustozlarim maqolalar va risolalar nashr etish, dars mashg‘ulotlarini birgalikda olib borish, pedagogik texnologiyalarni o‘rgatishgan. Shundan so‘ng ilmiy-pedagogik faoliyatga qiziqib aspiranturaga o‘qishga kirganman va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganman. So‘ngra o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritdim va fan doktori ilmiy darajasiga erishdim. Shu bilan birga, ilmiy faoliyatim davomida AQSh, Singapur, Germaniya, Fransiya, Avstriya, Niderlandiya davlatlari universitetlari bilan tajriba almashinuvida bo‘lganman.

Bundan tashqari hozirda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi va bir qator ilmiy jurnallar tahrir hay’ati a’zosiman. Ilmiy faoliyatim davomida 100 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar milliy va xorijiy nashrlarda chop etilgan.

Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz va yoshlar albatta o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar bo‘yicha tavsiyalaringiz?

— Afsuski bo‘sh vaqtim kam bo‘ladi, lekin bo‘sh vaqt bo‘lganida oilamga va farzandlarimga vaqt ajratishga, shuningdek badiiy adabiyotlar o‘qishga harakat qilaman. Shu o‘rinda yoshlarimizga ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qilgan holda Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Besh bolali yigitcha», Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» asarlarini, Nikolay Ostrovskiyning «Po‘lat qanday toblandi», Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo», Nikollo Makiavellining «Hukmdor», Kelli Makgonigalning «Iroda kuchi: qanday qilib rivojlantirish va mustahkamlash mumkin», Tina Silingning «O‘zingni o‘zing yasa» va Deyl Karnegi, Paulo Koelio, Robert Kiyosaki asarlarini o‘qishni tavsiya etaman.

— Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

— Huquqshunos olim sifatida o‘z oldimga bir qator rejalar qo‘yganman. Jumladan, xalqaro nizolarni hal etish, xalqaro arbitraj va mediatsiya yo‘nalishi bo‘yicha alohida ilmiy maktab yaratish, mazkur yo‘nalishda ilmiy maqolalar, monografiyalar va darsliklar nashr etib ularni xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga erishish, ushbu soha bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlanishini yo‘lga qo‘yish asosiy maqsadlarimdan. Bundan tashqari, xalqaro arbitraj va mediatsiya yo‘nalishida faoliyatimni yanada kengaytirish, boshqa turli arbitraj markazlariga arbitr va mediator sifatida ro‘yxatga kirish niyatidaman hamda xalqaro nizolarni hal etishda xalqaro e’tirof etilgan mutaxassis sifatida nom qozonishga harakat qilaman.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring