Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokimning xolasi»ga hukm o‘qildi

«Hokimning xolasi»ga hukm o‘qildi

Azim Toshkentda paydo bo‘lgan «kimning nima muammosi bo‘lsa, hokimning hojatbaror xolasi hal qilib berayotgan emish», degan mish-mishlar ikki-uch yil ichida urchib ketdi. Davlat tashkilotlaridan ko‘ra, hokimning xolasiga ixlos qo‘ygan laqma kimsalar topgan-tutgani bilan Saodat Xushvaqtovaning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tuzog‘iga birin-ketin o‘z oyoqlari bilan kelib tusha boshladi.

Firibgarlik jinoyati bo‘yicha rekord darajasini o‘rnatgan Saodat xola hech narsadan tap tortmay, ularga arzon uy-joy olib berishni va’da qilar va xizmat haqi uchun aytgan pulini qurtday sanab olardi. Suhbat avvalida oltmish yoshdan oshgan ayol hokimning xolasi ekanligini jimjimador ohangda ta’kidlashni aslo unutmasdi. Zotan, aynan mana shu ikki og‘iz so‘zning sehri uning daromad manbai edi-da.

«Hokimning xolasi» 2018 yilning kuz oyida navbatdagi firib qurbonlaridan biri Janna Siddiqova bilan mashhur Xitoy oshxonasida tanishib qoladi. Suhbat davomida Saodat xola o‘zini Toshkent shahar hokimiyatida ishlashini, egasiz qolgan uylar bilan shug‘ullanishini aytib, kerak bo‘lsa, arzon uylardan birini olib berishini pisanda qiladi. Janna anchadan beri 2 xonali uyini to‘rt xonali qilish orzusida edi. Hamsuhbatining ishonch bilan gapirishimi yoki qo‘lidagi Captiva kalitimi yoxud «sehrli so‘z»ning kuchi ta’siridanmi oliy ma’lumotli Janna qanday qilib firibgarning o‘ljasiga aylanganini o‘zi ham sezmay qoladi. Ular shu yerning o‘zida Shayxontohur tumanidagi ko‘p qavatli uylardan 4 xonali uyning oldi-berdisini 15 000 AQSh dollariga o‘zlaricha kelishib oladi. Ertasiga J.Siddiqova aytilgan manzilda Saodat xolaning qo‘liga 12 000 AQSh dollarini tutqazar ekan, go‘yoki hushyorlik ko‘rsatayotgandek, qolgan pulni uy kalitini olganda berishini aytadi. Tabiiyki, firibgar xola odatdagidek uni xotirjam qiladi va mo‘maygina pulni o‘z ehtiyoji uchun sarflaydi.

Allaqachon xavfli retsidivist unvoniga sazovor bo‘lgan S.Xushvaqtova, hatto nogironlarni aldab, ularning haqiga xiyonat qilishdan ham tap tortmaydi. U avvaliga II-guruh nogironi Avaz Isroilovga «hokimning xolasi ekanligini, shahar hokimiyatida mas’­ul lavozimda ishlashi»ni aytib uning ishonchiga sazovor bo‘ladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tkazmay ayni kunlarda hokimlik tomonidan kam ta’minlangan va nogironligi bor fuqarolarga arzon uy-joy berilayotganligi, agar istasa unga ham shunday uylardan birini olib berishini aytib, lof uradi. Sodda Avaz aka firib bobida Aflotunga dars beradigan ayolning nayranglariga ishonadi. Necha yillar davomida yaxshi niyatlar bilan misqollab yiqqan 10 000 AQSh dollarini S.Xushvaqtovaga qo‘shqo‘llab berib yuboradi. Oradan oylar, yillar o‘tsa-da, 4 xonali uydan darak bo‘lavermagach, A.Isroilovning ko‘ngliga shubha oralaydi. Saodat Xushvaqtovaning hokimiyatda ishlamasligini va hokimning xolasi tugul, tanishi ham emasligini bilgachgina huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qiladi.

Atigi ikki yil, ya’ni 2018-2019 yil oralig‘ida Saodat Xushvaqtova 7 nafardan ortiq fuqaroni chuv tushiradi. U pul topishni bilsa-da, to‘g‘ri bilan egrining farqini bilmagan kimsalarning mo‘maygina pulini osonlikcha qo‘lga kiritishning obdon hadisini olgan edi. Firibgar xola boshqalarning peshona teri evaziga daryoday oqib kelayotgan mablag‘ evaziga shohona hayot kechirar, bu esa laqma odamlarning har ishga qodir «hokimning xolasi»ga ixlosini oshirardi.

Shu o‘rinda S.Xushvaqtovaning bir qator jinoiy qilmishlarini eslab o‘tishni joiz topdik. Sud tomonidan 1993 yilda unga birinchi bor jinoiy ishlari uchun 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. 2019 yilga kelib firibgar ayol 9 marta turli xil jinoyatlari uchun tegishli jinoiy javobgarlikka tortildi va haqli ravishda xavfli retsidivist «unvoni»ga musharraf bo‘ldi.

2019 yilning sentyabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan xavfli retsidivist Saodat Xushvaqtovaga Jinoyat kodeksining bir qator tegishli moddalariga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlanishi va 7 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish haqida hukm chiqarildi.

Afsus bilan qayd etish lozimki, yoshi oltmishdan oshgan onaxon umrining besh yilini farzandlari va nevaralari davrasida emas, panjara ortida o‘tkazishi juda achinarli xol. Qilmish-qidirmish, deb shuni aytsalar kerak-da!

Farida QORAQULOVA,

jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring