Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hech kim «bir dumalab» sudya bo‘lib qolmaydi

Hech kim «bir dumalab» sudya bo‘lib qolmaydi

Boshqa kasb egalariga hurmat bajo keltirgan holda aytish kerakki, sudyalik – o‘zgacha lavozim. Inson taqdiri bilan bevosita bog‘liq lavozimning talabi ham shunga yarasha bo‘lishi tabiiy. Zero, aytadilarki, sudya – jamiyatning yuzi. Ta’bir joiz bo‘lsa, sud idoralari jamiyatning ma’naviy-huquqiy qiyofasini belgilovchi barometr hisoblanadi. Jamiyatda ijtimoiy adolatning barqarorligi esa sudyalarning professional salohiyati va professional layoqatiga bog‘liq ekani ma’lum.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining hozirgi bosiqichida sudlar mustaqilligi va daxlsizligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalar korpusini shakllantirish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sudyalarning odob-axloq kodeksi 10-moddasida sudya o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishi uchun o‘z malakasi va kasbiy bilimlarini muntazam oshirib borishi, amaliy ko‘nikmalarini va shaxsiy fazilatlarini takomillashtirib borishi shartligi qayd etilgan.

Ma’lumki, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Ayni paytda mazkur dargohda 73 nafar sudyalikka nomzodlar tahsil olish borobarida tuman va tumanlararo sudlarida amaliyot o‘tamoqda. Tahsil – yosh kadrlarni nazariy bilimlarini oshirishga xizmat qilsa, amaliyot ularda kasbga ko‘nikmalar shakllantirish va ruhiy tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.

Kuni kecha Sudyalar oliy kengashi a’zolari nomzodlar bilan ular amaliyot o‘tkazayotgan sudlarda uchrashdi. Samimiy o‘tgan jonli muloqotda amaliyot o‘tash dasturi, uning samaradorligi bilan yaqindan tanishdilar. Zarur tavsiyalar berdilar. Shuningdek, nomzodlarga biriktirilgan ustoz sudyalar bilan suhbatlashildi. Zotan, sudyalarni kasbiy tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, faoliyati samaradorligini oshirish va rag‘batlantirish Kengashning asosiy vazifasi sifatida qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan ekan, bu o‘z-o‘zidan yosh kadrlarga ham jiddiy e’tibor qaratishni taqozo qiladi.

Bunda «Ustoz-shogird» an’analari samaradorligini oshirish ham foydadan xoli bo‘lmasligi tajribalardan ayon.

Sudyalikka nomzodlar bilan uchrashuv nihoyasida joylarga chiqib, nomzodlarning amaliyot o‘tash jarayonlarni yaqindan kuzatib borish, jonli muloqotlarni doimiy amalga oshirish va monitoringini olib borishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring