Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada IIB bo‘lim boshlig‘i xodimlariga «advokatni olib chiqib tashlash»ni buyurdi

Farg‘onada IIB bo‘lim boshlig‘i xodimlariga «advokatni olib chiqib tashlash»ni buyurdi

Illyustrativ foto

Farg‘ona shahri IIO FMB 4-sonli bo‘lim boshlig‘i advokatga ushbu bo‘limda noma’lum sabablarga ko‘ra saqlanayotgan himoyasi ostidagi shaxs bilan ko‘rishishi uchun ruxsat bermasdan, chiqib ketishini talab qildi.

Andijon shahridagi «A.S.Huquq» advokatlik hay’ati advokati Dilmurodjon Madrahimovning aytishicha, kecha, 24-fevral kuni kech soat 17:00 lar atrofida huzuriga fuqaro kelib, otasi Farg‘ona viloyati ichki ishlar xodimlari tomonidan bir kun oldin, 23-fevralda olib ketilgani va shundan beri daragi yo‘qligidan xavotir bildirib, uning huquq-manfaatlarini himoya qilishini so‘raydi.

Shundan so‘ng advokat fuqaro bilan tegishli shartnoma imzolab, zudlik bilan Farg‘ona viloyatiga yo‘l oladi va himoyasi ostidagi shaxsning Farg‘ona shahar IIOFMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) 4-sonli bo‘limida saqlanayotganini aniqlaydi. Soat 19:00 lar atrofida esa mazkur bo‘lim boshlig‘i (o‘zini Yo‘lchiyev Ahad deb tanishtirgan) bilan uchrashib, tartib-tamoyilga ko‘ra, unga o‘zining advokatlik guvohnomasi va orderini taqdim etgan holda o‘z himoyasidagi shaxs bilan uchrashib, suhbatlashish uchun ruxsat so‘raydi.

Ammo unga rad javobi beriladi. O‘z himoyasi ostidagi shaxsning g‘ayriqonuniy tarzda, g‘ayriinsoniy sharoitda saqlab turilganini ko‘rgan advokat bu odam nimada ayblanayotgani yoki nimada gumonlanayotganini so‘raydi («Navbatchilik qismi derazasi ortida ko‘rinib turibdi, kichkina bir kursi sig‘adigan katak ekan, panjara, shuning ichida o‘tiribdi», deya ta’riflaydi advokat o‘z himoyasidagi shaxs saqlanayotgan sharoitni tariflab).

Boshliq esa fuqaroning ushlab turilishi asoslari bilan tanishtirishga majbur emasligini aytadi. Advokat endi o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan mone’liksiz, xoli uchrashishi o‘zining qonuniy huquqi ekanini eslatib, uchrashmasdan ketmasligini bildiradi. Ammo boshliq bu talabni qanoatlantirish o‘rniga o‘z xodimlariga advokatni tashqariga chiqarib tashlashni buyuradi.

Shundan keyin advokat holat yuzasidan arz qilish uchun Farg‘ona shahar prokurori qabuliga borganida (taxminan 20:00 atrofida), uning oldiga prokuror yordamchisi tushib keladi va (prokuror) hozir qabul qila olmasligini aytib, arizasini yozma tarzda qoldirishini so‘raydi. Shunda advokat bir fuqaro noma’lum sabablarga ko‘ra Farg‘ona shahar IIOFMB 4-sonli bo‘limida noqonuniy tarzda va yomon sharoitda saqlanayotganligi holati va mazkur bo‘limi boshlig‘i o‘zining qonuniy huquqlariga qarshilik ko‘rsatayotgani yuzasidan ariza yozib beradi. Ayni paytda, mazkur holatni hozirning o‘zida birga borib ko‘rishlarini iltimos qiladi. Ammo Respublika prokuraturasidan mehmon borligi sababli band ekanliklarini ro‘kach qilgan prokuror yordamchisi masala ertasi kuni o‘rganilishini tushuntiradi. Shunday bo‘lsa-da, advokat bu yerda yana bir fursat qolib, biron natija chiqib qolishini kuta boshlaydi. Ammo ikki soatcha kutganida ham hech qanday harakat bo‘lmagach, hafsalasi pir bo‘lib, 1007 raqami orqali Farg‘ona viloyat prokuraturasiga hamda Bosh prokuraturaga qo‘ng‘iroq qilib, holat yuzasidan og‘zaki murojaat qoldirgancha Andijonga qaytishga majbur bo‘ladi.

Bugun ertalab O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining Andijon hududiy boshqarmasiga bildirgi yozib, professional faoliyatiga qarshilik qilgani uchun Farg‘ona shahar IIOFMB 4-sonli bo‘limi mas’ul mansabdor shaxslariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘raydi. «Himoyam ostidagi shaxs bilan haligacha ko‘risha olganim, gaplasha olganim yo‘q, hozir nima bo‘layotganidan ham bexabarmiz», deydi advokat (Maqola e’lon qilinishi arafasida so‘raganimizda ham vaziyat o‘zgarmagani ma’lum bo‘ldi).

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining Andijon hududiy boshqarmasi maslahatchisi Zafar Valiyevning aytishicha, mazkur holat rostdan ham IIB mas’ullari tomonidan qonun me’yorlari buzilishi sanaladi. Shu bois bildirgi yuzasidan Palata markaziy apparatiga murojaat qilingan va bu borada tegishli choralar ko‘rilishiga umid qilinmoqda. Zero, shunga o‘xshash holat bundan ikki yil avval Andijonda ham aynan ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan sodir etilgan bo‘lib, Advokatlar Palatasi raisining shaxsan o‘zi masalani nazoratiga olgan va advokat sha’ni, obro‘-e’tiboriga daxl qiluvchi, uning kasbiy xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlari bilan qo‘pol qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar xodimlariga nisbatan tegishli jiddiy choralar ko‘rilgan edi.

«Advokat» jurnali xodimlari bilan hamkorlikda tayyorlandi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring