Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DTM «Gazeta.uz»dan 200 mln. so‘m undirmoqchi

DTM «Gazeta.uz»dan 200 mln. so‘m undirmoqchi

Foto: «Gazeta.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoyasi vaji bilan «Gazeta.uz» va uning kolumnisti Komil Jalilovni sudga berdi. Markaz javobgarlardan 200 mln. so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirishni so‘ramoqda. 

«...12-dekabrdagi da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga yuborildi. Bunda da’vogar — Davlat test markazi, javobgar esa «Gazeta.uz» va uning muallifi Komil Jalilovdir. Hozircha sud da’voni ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan-qilmagani ma’lum emas», deb yozadi elektron nashrning o‘zi.

DTMning sudga murojaat etishiga sabab nima?

Qayd etilishicha,  shu yilning 7−15-oktyabr kunlari DTM mutasaddilari hokimliklar va vazirliklar bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida maktab direktorlari, xalq ta’limi boshqarmasi va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi xodimlarining rahbarlik qobiliyatlari va boshqaruv mahorati, metodistlar va o‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha bilimlarini aniqlash yuzasidan test sinovlarini tashkil etgan. Sinovlarda DTM bazasidagi topshiriqlardan foydalanilgan.

4-dekabr kuni «Gazeta.uz» saytida rus tilida «O‘qituvchini o‘qitish: XTVning pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha rejalari» («Nauchit uchitelya: Plani MNO po povisheniyu kvalifikatsii pedagogov») sarlavhali maqola e’lon qilinadi. Unda  Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sirdaryo viloyatidagi 12261 nafar pedagog va maktab direktorining 66 foizi qonaqarsiz baho olgani ma’lum qilinadi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovga bir qator savollar beradi. Savol Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilar test sinovlarida past ko‘rsatkichlar olishiga (adabiyot fanidan berilgan) test savollaridagi mavhumliklar ham sabab bo‘lmadimi, degan mazmunda bo‘lib, bir necha namunalar ketiradi. (Test savolidan namunalar: «Shoirning tarbiyasi bilan kim shug‘ullangan?» Javoblar: «opasi», «akasi», «bobosi», «buvisi». Bu savolda gap qaysi shoir haqida ekani aytilmagan. Boshqa savollar: «Chexovning hikoyasida yo‘g‘on ingichka bilan xayrlashayotganda nechta barmog‘ini bukadi?» Javoblar: «1», «2», «3», «4». Yana bir namuna: «Kapitan qizi»da bosh qahramon onasining ism-sharifi nima?» Yuliya Vasilevna, Viktoriya Vasilevna, Avdotya Vasilevna, Anna Vasilevna»...)

DTM  sudga kiritgan da’vo-arizada aynan o‘sha savolda keltirilgan test topshiriqlari namunalari DTM bazasida mutlaqo mavjud emasligi, Sirdaryoda ulardan foydalanilmaganini ta’kidlaydi.

Muxtasar aytsak, elektron nashr va muallif matbuot anjumanida bergan savoli uchun sudga tortilmoqda. Savol va unga berilgan javobdan kelib chiqib yozilgan maqola DTM da’vosiga ko‘ra: «...Davlat test markazi rahbariyati va xodimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning mehnat unumdorligining kamayishiga, asabiylashishiga olib keldi. Shu sababli Davlat test markazi «Gazeta.uz» elektron ommaviy axborot vositasi va Komil Jalilov tomonidan yetkazilgan ma’naviy zarar miqdorini 200 mln. so‘m deb baholaydi».

Shuningdek, da’vo-arizada suddan «Gazeta.uz» va Komil Jalilov maqola bo‘yicha raddiya berish va DTMdan ommaviy ravishda uzr so‘rash majburiyatini yuklash ham so‘raladi.

... «Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring