Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlikka nomzodlarni hokimlar belgilab beradimi? Markaziy saylov komissiyasi ogohlantirish bilan chiqdi

Deputatlikka nomzodlarni hokimlar belgilab beradimi? Markaziy saylov komissiyasi ogohlantirish bilan chiqdi

Markaziy saylov komissiyasi joriy yil 22 dekabrda parlament va mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlarda deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda siyosiy partiyalar ishiga mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, hokimlar tomonidan aralashish holatlari bo‘layotgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabar va axborotlarga e’tibor qaratdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining xalqaro matbuot markazi xabar berdi.

Markaziy saylov komissiyasi qayd etadiki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir.  Bu huquq siyosiy partiyalarning mutlaq vakolati hisoblanadi.

Siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzod ko‘rsatish ishiga noqonuniy aralashish qonun bilan ta’qib qilinadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi yuqoridagi kabi holatlar mavjud bo‘lsa, asoslantirilgan faktlar bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishingizni va bu to‘g‘rida Markaziy saylov komissiyasini xabardor qilishingizni so‘raydi.

Shuningdek, ushbu holatlar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining 1197 raqamli «Ishonch telefoni»ga ham murojaat qilishingiz mumkin, deyiladi Markaziy saylov komissiyasi axborotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring