Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Darding bo‘lsa ham qarzing bo‘lmasin...

Darding bo‘lsa ham qarzing bo‘lmasin...

Ajdodlar bilib aytgan: darding bo‘lsa ham qarzing bo‘lmasin. Nega? Uzrku-ya, qo‘polroq bo‘lsayam aytish kerak: darddan o‘lib qutilish mumkin, illo qarzdan qutilib bo‘lmaydi. E’tiqodimizga ko‘ra, banda omonatini topshirar ekan, bo‘ynidagi qarzini yaqinlardan biri zimmasiga olmaguncha uning janozasi o‘qilmaydi. Shuning o‘ziyoq qarz ado etilmasa, uning yuki ro‘zi mahshargacha ta’qib qilishini ko‘rsatmayaptimi?

Bugun o‘zaro «oldi-berdi»larga oid nizolar ko‘p. Juda ko‘p... Kimdir ilojsizlikdan qarz ko‘tarsa, kimdir avvaldan qaytarmaslikni qasd qilib, birovdan pul oladi. ikkinchi holat firibgarlik jinoyatiga tortibroq turadi. Biroq har ikki holatda ham tomonlar o‘rtadagi qarz munosabatlarini tegish xat-hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘ymas ekan, muammo ustiga muammo tug‘ilaveradi. Chunki, ikki o‘rtada nizo chiqsa, borar maskan - sud idorasi bo‘ladi. Sudlarda esa masala quruq gapga emas, xat-hujjat, ya’nikim, dalilga qarab hal etiladi. Aks holda, qarzdorga insof tilashdan boshqa chora qolmaydi...

Yuqoridagi mulohazalar asosan endi ikki (va undan ortiq) shasxlar o‘rtasidagi «oldi-berdi»larga, yuridik tilda aytsak, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizoga taalluqli. Shu o‘rinda ochiq aytish kerak, qarz munosabatlariga oid sud ishlari tahlili fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilishda qonun hujjatlarini yana takomillashtirish, ayniqsa, qarz shartnomasidek muhim hujjatlarni notarial tasdiqlashning muqobil variantlar ustida bosh qotirish lozimligini taqazo qilmoqda.

Bu endi alohida mavzu.

Gap qarzdorlik, ularning huquqiy tartibi va yechimi xususida ketar ekan, bank-mijoz o‘rtasidagi nizolar xususida ham to‘xtalmaslikning iloji yo‘q.

Bank-mijoz o‘rtasidagi nizolar asosan kredit mablag‘larini vaqtida qaytarmaslikdan kelib chiqishi ma’lum. Bu kabi nizolar keyingi paytda bir muncha ko‘paygani bor gap. Negaki, keyingi uch yil davomida fuqarolarimizning yashash sharoitini yaxshilash, ularni tadbirkorlikka faol jalb qilish maqsadida ozmuncha ishlar olib borilmadimi?! Ilgari bankdan kredit olish qancha mashaqqat edi. Endilikda hech bir moneliksiz, boz imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar ortiqcha dahmazalarsiz berilmoqda. Biroq olingan kredit mablag‘laridan oqilona foydalanishni hamma birdek uddalamoqda deyishga til bormaydi.

2019-yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va qarzdorlikni undirish haqida 19.993 ta ish ko‘rilgan. Shundan 19.394 ta holatda mizoj-kredit oluvchi tomonidan kreditni qaytarish bo‘yicha oylik to‘lovlar to‘lanmaganligi, ogohlantirish va ko‘rilgan choralar naf bermaganligi aniqlanib, da’vo qanoatlantirilgan, javobgarlardan jami 702 milliarddan ziyod qarz summasini banklar foydasiga undirish haqida hal qiluv qarorlari chiqarilgan. 1303 ta holatda qarzdor taraf da’voni tan olib, to‘lovlarini amalga oshirganligi sababli ishlar tugatilgan, 3486 ta holatda taraflar sudgacha o‘zaro kelishgani sababli arizalar ko‘rmasdan qoldirilgan.

Bank va qarzdor o‘rtasidagi kredit undirish bilan bog‘liq nizolar Toshkent shahri (6069ta), Farg‘ona (2179ta), Surxondaryo (1457ta), Andijon (1337ta), Qashqadaryo (1139ta), Samarqand (1245ta), Jizzax (1057ta) viloyatlarida ko‘paygan.

Eng achinarlisi shuki, kredit mablag‘i ishlatib bo‘lingan, qaytarish imkoni yo‘q holatlar ham kam emas. Natijada shartnoma shartidan kelib chiqib, undiruv garovga qo‘yilgan mulkka qaratiladi. Shundan keyin ayrim qarzdorlar «adolat yo‘q, qarz bergan bank aybdor, sud qarori noqonuniy», deb idorama-idora shikoyat qilishga tushadi. Mayli, shikoyat qilish - har kimning o‘z huquqi. Biroq ikki o‘rtada shartnoma tuzilib, unga asosan muayyan mulk garovga qo‘yilgan ekan, qarzdorlik so‘ndirilmagach, undiruv unga qaratilmay nimaga qaratilsin?!

Shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim fuqarolar qarindoshi yoki tanishi bankdan kredit olishida o‘z mulkini garovga qo‘ygan bo‘lib chiqadi. Ixtiyoriy ravishda, albatta. Biroq qarzdorlik so‘ndirilmagach, bank da’vosiga ko‘ra undiruv o‘sha mulkka qaratilganda «voy, men bilmabman, pulni men olmaganman, yaxshilik qilmoqchi edim, xolos», deyishga tushiladi. Xo‘p, yaxshilik qilmoqchi bo‘libsiz, tushunarli, buning tovoniga nega boshqalar qolishi kerak?! Bu jarayonda qarz bergan bankning aybi nima? Shartnomada sharm yo‘q, u tavallo yoki iddaolarni ko‘tarmaydi, qonun doirasida tuzilib, tomonlar imzolabdimi, uning shartlari ado etilishi kerak. Boshqa yo‘li yo‘q. Chunki, bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulki yoki unga bo‘lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanib, garovga ko‘ra qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatini bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishni talab qilishga haqli (FK 264-modda).

Xulosa qilsak, yuqorida aytilgan gap har qanaqasiga to‘g‘ri: darding bo‘lsa ham qarzing bo‘lmasin. Dardga chalinmaslik ham, qarzga botmaslik ham har kimning o‘z qo‘lida. Buning uchun jindek qunt, jindek qo‘nim va qonunchilikka hurmat hamda mas’uliyat bo‘lsa, kifoya.

Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisining o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring