Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Cho‘ntak advokatlari» - kun tartibidan tushmayotgan yana bir muammo

«Cho‘ntak advokatlari»  - kun tartibidan tushmayotgan yana bir muammo

Foto:«Labsconsult»

Kecha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti rasiligida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilganidan xabaringiz bor. Unda sud-huquq tizimi, xususan, uning muhim tarkibiy qismi bo‘lmish advokatura sohasiga doir muammolar ham tilga olindi.

Advokatura muammolari tilga olinar ekan, avvalo kadrlar tanqisligi va sifati masalasiga e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda bugungi kunda 4 ming atrofida advokat faoliyat yuritishi, ya’ni aholi jon boshiga hisoblaganda 8,5 ming kishiga o‘rtacha 1 ta advokat to‘g‘ri kelishi, ularning ham 43 foizi (1 ming 733 nafari) Toshkent shahrida ish olib borishi, Samarqand, Andijon, Termiz, Nukus, Mirishkor, Zafarobod, Uzun kabi 20 ta tumanda birorta ham advokatlik firmasi ro‘yxatdan o‘tmagani aytildi.

Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev muammo yechimi sifatida advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish, shuningdek, yuridik oliy o‘quv yurtlarida «advokatlik faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlash lozimligini aytgan.

Ko‘rilgan yana bir masala sohaning og‘riqli nuqtalaridan biri — «cho‘ntak advokatlari»ga daxldor. Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo‘qligi bois ayrim tergovchilar o‘ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta’sir o‘tkazish hollari uchrab turadi. Selektorda e’lon qilinishicha, Toshkent shahrida o‘tgan yili davlat tomonidan advokatlarga 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan (holbuki poytaxtda 746 ta firma mavjud).

Shu sababli tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Bu dastlab poytaxtda eksperiment tariqasida joriy etiladi.

«Advokatnews.uz»ga ko‘ra, inson omilini istisno etuvchi bunday avtomatlashtirilgan tizimni yaratish bir necha yildan beri kun tartibida bo‘lib, yuqorida tilga olingan Dastur doirasida Advokatlar Palatasi tomonidan ishlab chiqilgan Yo‘l xaritasi bilan, 2021 yil yanvargacha bu borada tegishli qonun hujjatini qabul qilish belgilangan edi.

Shuningdek, videoselektorda o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning ishi bo‘yicha, undan tashqari, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokini majburiy etib belgilab qo‘yish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, yig‘ilishda advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish bo‘yicha qonun hujjatlari paketini ishlab chiqib, muhokamaga olib chiqish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Bu bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarga Prezident qarori va Yo‘l xaritasi loyihalarida keng o‘rin berilganini hisobga olsak, videoselektorda berilgan topshiriqlardan so‘ng ushbu hujjatlarning qabul qilinishi tezlashishidan umid qilish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring