Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Byuro «MIB buzgan to‘y»ga izoh berdi

Byuro «MIB buzgan to‘y»ga izoh berdi

Foto: prokuratura.uz

Rosti, bu mavzuga qaytmoqchi emasdik. Bo‘lar ish bo‘ldi, buyog‘i g‘isht qolipdan ko‘chgan, byuro nima demasin, xuddiki o‘zini oqlashga urinishdek tuyulishi mumkin. Qolaversa, «Xabar.uz» saytida chiqqan «MIBning ishi to‘yni buzish bo‘lib qoldimi?» maqolasi ijtimoiy tarmoqlarda ham faol muhokama qilinyaptiki, ularda byuro xodimlari yoppasiga qoralanayotgani yo‘q. Muhokamada bildirilgan fikrlar ham saytda berilganidan minnatdormiz, albatta.

Albatta, muallifning mulohazalarini batamom inkor qilish fikridan yiroqmiz. Masalaga ma’naviy-ahloqiy jihatdan qarab, tizim xodimlarining o‘z ishiga yondashishi borasidagi mulohazalarini bosh ustiga qabul qilamiz.

Endi «buzilgan to‘y» masalasida ikki og‘iz izoh.

Oltinsoylik Jo‘rabek Murodov (ism, familiyasi o‘zgartirilgan) nikoh to‘yida nega muammoga duch kelganini bilasiz.  Avvalgi ikki oilasidan ko‘rgan farzandlari uchun aliment to‘lovidan qarzdorligi jami 19 mln. 207 ming so‘mni tashkil etadi. Bu otaning yillar davomida norasida farzandlari ta’minoti haqida hatto o‘ylab ko‘rmaganini bildiradi. Shu faktning o‘ziyoq uning oila oldidagi, farzandlar oldidagi mas’uliyatni his etmasligini anglatadi. Mas’uliyatsizlik shu darajadaki, u uchinchi bor uylanar ekan, to‘yni o‘z uyida emas, balki kelinnikida o‘tkazadi. Chunki, MIB xodimlari ta’qib qilayotganini bilgan, qo‘lga tushsa, qanday muammoga duch kelishini tasavvur qilgan. O‘z pushti kamaridan bo‘lgan farzandlarining ta’minoti qolib, yana xotin olishga mablag‘ topgan ota haqida, mayli, ko‘p gapirmaylik. Biroq to‘y kuni uning sobiq xotinlari MIBga kelib, arz-dod qilgani, ota uchinchi bor kuyov bo‘layotgan xonadon esa uning bunday muammosi borligidan bexabarligi e’tiborga olinsa, xodimlarimiz keskinroq (biroq qonuniy) chora ko‘rishga majbur bo‘lgani bir qadar oydinlashadi. Kim bilsin, ehtimol, bunday keskinroq chora sabab tirik yetimlar soni ko‘payishi oldi olinib, otaning zimmasidagi majburiyati teran his ettirilgandir?! Takror aytishga to‘g‘ri keladi, bu chora qonuniy bo‘lishi barobarida majburiy ham edi. Qolaversa, alimentdan qochib yurgan otaning yangi kelinchakni-da tashlab ketmasligiga kafolat bormi?

Besh qo‘l barobar emas, tizim xodimlari orasida ish jarayonida ba’zan «chuqur ketib» qolayotganlari ham uchraydi. Bundan taassuf bildirgan holda profilaktik ishlar izchil davom etayotgani, nomunosiblarga nisbatan keskin choralar ko‘rilayotganini alohida ta’kidlaymiz.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring