Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda «DXX xodimi»ga hukm o‘qildi

Buxoroda «DXX xodimi»ga hukm o‘qildi

Foto: «Feeds.az»

Kogon shahrida yashagan Bayram Hodiyev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) muqaddam 6 marotaba sudlangan, hammasida bir xil ayblov bilan: firibgarlik! Oxirgi marotaba 2016-yil 4-oktyabrda firibgarlik uchun 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, 2018-yil 16-may kuni o‘talmay qolgan jazoni o‘tashdan muddatidan avval shartli ozod qilingan edi.

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanishni qo‘ymas ekan-da, yo‘qsa, bir jinoyat orqasidan shuncha marta javobgarlikka tortilgan Bayram Hodiyev yana shu qilmishga qo‘l urarmidi?

Ozodlikka chiqqanidan uch-to‘rt oy o‘tib-o‘tmay, Nasiba Niyozova degan ayolni chuv tushirdi. Qanday qilib? Odamlarni «uxlataverib-uxlataverib», yolg‘onchilikni san’at darajasiga yetkazib qo‘ygan Bayram ayolga o‘zini DXX xodimi deb tanishtiradi. Ishonmay ko‘ring-chi?! So‘ng Buxoro tumani hududida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan uy-joylardan olib berishni va’da qilib, 18 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Ish holatlariga ko‘ra, ayol bu pullarni akasi bilan birga uy sotib olish maqsadida o‘nlab yillardan beri yig‘ib kelayotgan ekan.

Katta miqdorda pulni qo‘lga kiritgan B.Hodiyev shundayam to‘xtamadi. Ko‘p o‘tmay, Dilshod Fozilovning ishonchiga kirdi. Biroz sinashta bo‘lishgach, uni pora evaziga DXXga ishga joylash imkoniyatiga ega ekanini aytdi.

Biroq Dilshod ham anoyilardan emas ekan. «Hojatbaror» haqida kerakli joyga xabar berdi. Natijada B.Hodiyevning bu galgi «ovi» o‘xshamadi: 2018-yil 27-noyabr kuni soat 17:30 larda Kogon shahridagi «O‘ztemiryo‘l yo‘lovchi» AJning Buxoro filialiga qarashli avtoturargohda xamir uchidan patir tariqasida 15 000 000 so‘m pulni olayotgan paytda qo‘lga olindi.

Qanchaga «kesildi»?

A-anchaga!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi hukmi bilan unga 9 yil 6 oy muddat ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Zarif Sherov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring