Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda advokat tuman IIBda kaltaklangani aytilmoqda. Uning 3 qovurg‘asi singan

Buxoroda advokat tuman IIBda kaltaklangani aytilmoqda. Uning 3 qovurg‘asi singan

Foto: Ozodlik

Buxoro shahridagi «Buxoro adolati plyus» advokatlik firmasi boshlig‘i Maqsud Kamolov G‘ijduvon tumani IIB xodimi uni urib, uchta qovurg‘asini sindirganini da’vo qilmoqda. Bu haqda advokatning o‘zi «Ozodlik» radiosiga ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda «advokatnews.uz».

65 yashar advokat Maqsud Kamolov so‘zlariga ko‘ra, hodisa 2018-yilning 25-dekabrida G‘ijduvon tuman ichki ishlar bo‘limida yuz bergan. O‘sha kuni advokat tergovchi chaqiruviga ko‘ra, o‘z himoyasi ostidagi gumondor shaxs ishi bo‘yicha ichki ishlar idorasiga borgan. IIB nazorat-o‘tkazish joyida (KPP) advokatni leytenant qarshi oladi va ichki ishlar idorasiga mobil telefon olib kira olmasligini aytadi.

Maqsud Kamolov so‘zlariga ko‘ra, u zobitning bu taqiqiga e’tiroz bildiradi. Shunda Sayidov uni kurtkasidan tortib KPP xonachasiga olib kiradi va o‘sha yerda do‘pposlaydi.

– Men umuman kutmagandim, birdaniga o‘ng qo‘li mushti bilan chap biqinimga uch marta qattiq zarba berdi. Men engashib qoldim. Kutmagandim. Og‘riqdan engashganimdan keyin tizzasi bilan ayni biqinimga tepdi. Shundan so‘ng qo‘limni orqaga qayirib, meni ichki ishlar binosining ichkarisiga, uch qavatli bino ichkarisiga olib kirib ketdi, – degan Maqsud Kamolov.

Advokatning aytishicha, kaltaklagan zobit uni boshqa xodimlarga topshirib, yana o‘z xizmat joyiga qaytadi. Maqsud Kamolovni bir soat davomida hech qanday sababsiz bino ichkarisidagi fuqarolarni qabul qilish xonasiga olib kirib, ushlab o‘tirishgan. Ketishga qo‘yishmaganidek, tez yordam ham chaqirishmagan.

Nihoyat, bir soatlardan so‘ng uni ichki ishlar xodimlari G‘ijduvon tuman prokuraturasiga olib ketishadi. Advokat tuman prokuroriga uchrashtirishni talab qiladi.

– Prokuror hammaning oldida «ichgansiz, mastsiz» dediyu tergovchiga qarab, «buning ichganligini aniqlash uchun narkolog tekshiruvidan o‘tkazing» dedi, – qayd qilgan Maqsud Kamolov.

Advokatga ko‘ra, o‘sha kuni u mashina boshqargan va umuman, ish vaqtida spirtli ichimliklar ichmaydi.

Mahalliy vaqt bilan 21:30 da ahvoli og‘irlashgach, prokuraturga xodimlari «Tez tibbiy yordam» chaqirishgan. Tuman shifoxonasida Maqsud Kamolovga ilk tibbiy yordam ko‘rsatishadi va 22:30larda uyiga ketishiga ruxsat berishadi. Maqsud Kamolov jamoatchi yordamchisi Is’hoq Zoyirov yordamida o‘z mashinasida Buxorodagi ish joyiga qaytadi. Ammo kiyimini yechish uchun qo‘lini ko‘targanida chap biqinida turgan kuchli og‘riqqa chiday olmagach, o‘g‘li va yordamchisi tomonidan Respublika tez tibbiy yordam markazining Buxoro filialiga olib borilgan.

– U yerda meni navbatchi tramvatolog-xirurglar ko‘rishdi. Rentgendan o‘tdim. Shifokorlar plastinkalarni ko‘rib, «aka, 7, 8 va 9-qobirg‘alar yopiq singan,» deyishdi, – deydi Maqsud Kamolov.

Aytishicha, advokat ayni markazda 9 kun davolangan. Buni tasdiqlovchi rentgen surati va ekspertiza xulosasi mavjud.

Maqsud Kamolov G‘ijduvon tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi rahbariyatini jinoyatni «yopdi-yopdi» qilayotganlikda ayblamoqda, deyiladi xabarda.

«Advokat» jurnali o‘z manbalari orqali ushbu voqea tafsilotlarini o‘rganishni boshlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring