Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV videosi masalaga moy sepdi: sudya bilan bog‘liq mojaro yana avj oldi

IIV videosi masalaga moy sepdi: sudya bilan bog‘liq mojaro yana avj oldi

Videolavhadan skrinshot

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev IIB va Milliy gvardiya xodimlarining zo‘ravonligiga uchragani xabari berilgandi. Ertasi kuni voqelik yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati bayonot berib, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Bu orada O‘zbekiston sudyalar oliy kengashi ham bayonot bilan chiqib, yuz bergan vaziyatni atroflicha o‘rganish hamda xolis ma’lumot to‘plash maqsadida kengash xodimlari Sirdaryoga safarbar qilinganini bildirdi.

Bayonot-u bildirishlardan keyin shov-shuvlar biroz tinib, hamma natijani kutishga chog‘lanayotgan paytda Ichki ishlar vazirligi voqelik yuzasidan videolavha e’lon qildiki, bu muhokamalarning ikkinchi to‘lqinini keltirib chiqardi.

Turgan gap, videolavhada IIV o‘z xodimlarining xatti-harakatlarini oqlashga uringan. Lavhani o‘z kanalida e’lon qilgan taniqli bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev uni «haqiqatga yaqinroq» deb bilishini ta’kidlaydi.

Yana bir bloger va huquqshunos Zafar Solijonov esa lavha montaj qilingani ehtimoli yuqoriligini dalillashga harakat qilib, faqatgina sudyaning zarariga ishlaydigan qilib tayyorlanganiga ishora qiladi. Bundan tashqari sudyaning arizasini qaytarib olish evaziga, o‘sha yerdagi IIB xodimlarini ishdan bo‘shatish choralari ko‘rilayotganiga oid tasdiqlanmagan xabarlar borligini ham qistirib o‘tadi.

Deputat Rasul Kusherbayev esa bo‘yab-bejab o‘tirmasdan gapning indallosini yozadi: «...Sirdaryodagi sudya bilan bog‘liq holat bizda haqiqatni montaj-shantaj qilib, muammoning asl sababchilarini yashira olishni qanchalar yuksak «san’at» darajasiga chiqayotganligini ko‘rsatayapti. San’at shu darajadaki, asl mohiyat qolib hamma «tez yordam» teatri bilan ovora. To‘g‘risi, holat kulgudan o‘tib, ko‘ngilni behuzur qilish darajasiga qadar yetib borayapti. Chunki sudyaning «tez yordam» yo‘lini to‘sish sahnasi haqiqatga ham, kadrlarga ham yopishmayapti. Balki nohaqdirman. Biroq sudyaga «tez yerdam»ni deb emas, balki boshqalarning yo‘lini to‘sib qo‘yayotganligi sababli tan jarohati yetkazilganini ko‘pchilik tushunib yetayapti. Sababi formali xodimlarning «tez yordam» uchun sudyani ham ayamay bunchalik «riskka» bormasligini hamma biladi. Kimni nima bilan aldayapmiz o‘zi?

Ammo asl muammo bundamas. Muammo xatoni tan olib, uni to‘g‘irlash bilan ishonchni qozonish sari yurmay, mavjud katta kuchdan havolanib, haqligini isbotlash va anarxizmga moyil kadrlar bilan shu ish tizimini saqlab qolishga bo‘lgan intilishning haliyam yuqori ekanligida. Bu haqiqiy fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida juda yomon signal.

Kimga qiziq bo‘lsa, «anarxizm» so‘zining ma’nosini qidirib ko‘rsin. Men ko‘rdim, to‘g‘risi yaxshimas.

Xullas, ko‘zlarni ochaylik va rost hayot bilan yashashga intilaylik», – deydi deputat R.Kusherbayev

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda sudya zo‘ravonlikka uchrashidan bir necha kun burun Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanida mahalliy sud raislari omma oldida  hokim va IIB xodimlari tomonidan obro‘sizlantirilib, hatto sud xodimi do‘pposlanganligi haqida xabarlar tarqagandi. Kecha Bosh prokuratura Jarqo‘rg‘ondagi voqelik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Sirdaryoda esa tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring