Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sardoba» to‘g‘oni o‘pirilishiga nima sabab bo‘lgani ma’lum qilindi

«Sardoba» to‘g‘oni o‘pirilishiga nima sabab bo‘lgani ma’lum qilindi

Joriy yil 1 may kuni yuz bergan «Sardoba» suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va buning oqibatida katta hajmdagi yer maydonlarini suv bosishi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 207 va 258-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xabar qilingan edi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, dastlabki tergovning har tomonlama, to‘liq va xolisona olib borilishini ta’minlash maqsadida quyidagi asosiy taxminlar tekshirildi. Loyihalashdagi xatoliklar, qurilish jarayonida me’yorlarga rioya qilmaslik, ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar, tabiiy ofat.

Mazkur 4 ta taxmin tegishli ekspertiza muassasasi ekspertlaridan va gidrotexnik inshootlarni loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish, qurilish ekspertizasi, tuproq va suvning xossalari va boshqa bir qator masalaga daxldor sohalarga mansub 30 nafar mutaxassisdan iborat Komissiya yordamida tekshirildi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:

  • Loyiha hujjatlaridagi xato va kamchiliklar.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tegishli ekspertizadan o‘tib, tasdiqlanganidan keyin ishchi-loyiha hujjatlarini tayyorlash vaqtida konstruksiyaga (qiyaliklarning balandlikka nisbati, himoya va filtirlovchi qoplamalarning xarakteristikalariga) loyihachi tomonidan o‘zboshimchalik bilan, asoslantirilmagan holda, to‘g‘onning ishonchliligi va turg‘unligini ta’minlamaydigan darajaga olib kelgan o‘zgartirishlar kiritilgan.

  • Qurilishdagi xato va kamchiliklar.

To‘g‘onning tanasini tashkil qilgan tuproqning zichligi loyihaviy talabdagidan past va tuproq yot jismlardan tozalanmaganligi oqibatida ular chirib, bo‘shliqlar hosil qilgan, himoya qatlamiga yotqizilgan xarsang toshlarning diametri loyihadagi o‘lchamlardan bir necha bor katta bo‘lgan holda, xarsang tosh qoplamasi loyiha hujjatida belgilangan qalinlikdan kam, toshlar notekis, sifatsiz joylashtirilgan va katta diametrli toshlar o‘rtasidagi bo‘shliqlar mayda toshlar bilan to‘ldirilmagan.

  • Ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.

Ekspluatatsiya jarayoni bilan bog‘liq jiddiy moddiy va nomoddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, to‘g‘onga xizmat ko‘rsatuvchi «Sardoba suv ombori ob’yektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi»ning bevosita to‘g‘onga xizmat ko‘rsatuvchi tarkibi zaruriy moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlanmagan. Boz ustiga, o‘tkazilgan malaka attestatsiyasi ekspluatatsiyaga jalb etilgan xodimlarning 56% zaruriy bilimga (ixtisos), 82% malaka va tajribaga ega emasligini va buning oqibatida to‘g‘onga sifatli xizmat ko‘rsatishga, o‘pirilishi kabi favqulodda xodisalarga olib keluvchi omillarni o‘z vaqtida aniqlashga qodir emasligini ko‘rsatdi.

Yuqorida aniqlangan holatlarni inobatga olgan holda, ekspertiza suv omborini loyihalash, qurish hamda ekspluatatsiya qilish jarayonidagi qayd etilgan xato va kamchiliklar, suv ombori qurilishi 2-bosqichi davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan bo‘lsada, to‘la hajmda suv to‘planganligi yakka tartibda yoki ularning majmui to‘g‘on o‘pirilishiga sabab bo‘lganligi haqida xulosaga kelgan.

«Sardoba» fojiasi yuzasidan bir guruh mansabdor shaxslar qamoqqa olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring