Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqanddagi yirik YTH yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Samarqanddagi yirik YTH yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Foto: «Zarnews»

«Samarqand – Qarshi» yo‘lining Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi qismida o‘nlab avtomobillarning to‘qnashuvi sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.  

Samarqand viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmatiga tayanib «Daryo»ning ma’lum qilishicha, voqea 13-yanvar, dushanba kuni soat 13:20 atrofida Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi A-378 avtomobil yo‘lining 19-kilometrida sodir bo‘lgan.

Voqea joyiga YPX inspektorlari yetib borganda YTHga uchragan faqat ikki mashina qolganligi aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, «Qarshi—Samarqand» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Qozog‘istonning Olmaota viloyatida yashovchi 29 yoshli haydovchi S.P. boshqaruvidagi Mercedes-Benz yuk mashinasining yarim tirkamasini orqa qismiga Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yashovchi, 29 yoshli haydovchi B.E. boshqaruvidagi Nexia-2 avtomashinasi old qismiga urilgan.

Oqibatda Nexia-2 haydovchisi va uning yo‘lovchilari — 63 yoshli ayol N.H., 37 yoshli erkak Q.B. va 15 yoshli qiz R.Ch. tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga murojaat qilgan.

Haydovchi «o‘ng bilak sohasining sinishi» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yo‘lovchi N.H. «ko‘krak qafasi yopiq shikastlanishi, ko‘plab qovurg‘a suyaklarining sinishi» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan yo‘lovchilar — Q.B. va R.Ch.ga «badanining turli sohalari yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va shilinmalar» tashxisi qo‘yilib, uyiga javob berilgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olib vafot etgan shaxslar aniqlanmagan.

Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Nurobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring