Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda oxirgi marta qachon aprelda qor yoqqani va oqibatlari ma’lum qilindi

O‘zbekistonda oxirgi marta qachon aprelda qor yoqqani va oqibatlari ma’lum qilindi

Foto: Xabar.uz

Sinoptiklar ogohlantirganidek, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududida ob-havo keskin o‘zgardi. 7 aprelda respublikada ayrim joylarga yomg‘ir yog‘di. 8 aprelda yomg‘irlar kuchayib, shu kunning o‘zida kechqurun va 9 aprel kuni kechasi respublikaning katta qismida yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylandi. Faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida shu kunlarda yog‘ingarchilik kuzatilmadi.

Respublikaning ayrim joylarida shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15-20 metrgacha tezlikda esdi, Qoraqalpog‘istonda va Navoiy viloyatida esa shiddat bilan esganda uning tezligi sekundiga 25 metrga yetdi.

Harorat 3-8 darajagacha, bugun kechasi esa 0-3 daraja iliq, ba’zi joylarda 1-2 daraja sovuqqacha pasaydi.

Yoqqan qor mamlakatimizning markaziy va janubiy hududlarida 2-8 sm, ba’zi joylarda 10-20 sm balandlikda nobarqaror qor qoplamini hosil qildi. Toshkentda 9 aprel tongda qor balandligi 15 sm bo‘lgani qayd etildi.

Respublikada haroratning keskin tushib ketishi, kuchli yog‘ingarchiliklar va kuchli shamol Rossiyaning Yevropa hududi ustida shakllangan va Volgabo‘yi orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelgan sovuq va nam havo oqimlari natijasidir.

Aprelda qor yog‘ishi va qor qoplami hosil bo‘lishi bizning iqlim uchun kamdan-kam uchraydigan hodisa. Oxirgi marta bunday hodisa 2014 yilda kuzatilgan, unda qor kamroq bo‘lgan, Toshkentda masalan qor qoplami 2 sm ni tashkil qilgan. Bundan ko‘proq, taxminan 4-5 yilda 1 marta aprelda, ayniqsa uning birinchi yarmida yomg‘irning qorga aylanishi kuzatiladi, biroq bu uzoq davom etmaydi va qor qoplami hosil bo‘lmaydi.

Toshkentda aprel oyida eng kech yoqqan qor esa kuzatuvlar tarixida 1989 yil 30 aprelga to‘g‘ri keladi. Bu darhaqiqat juda kam uchraydigan noyob hodisa bo‘lgan — aprelning eng oxirida va may oyining birinchi kunlarida Toshkentga qisqa muddatga qish qaytib kelgan. O‘shanda 30 aprelda yoqqan qor va mayning birinchi kunlaridagi sovuq qishloq xo‘jaligiga katta zarar keltirgan.

Kechagi shamollarning asosiy sababi — kirib kelgan havo fronti zonasida yer yuzasida atmosfera bosimining keskin almashishidadir. Oddiy qilib aytganda, hudud ustidan antitsiklon o‘tayotganda havo oqimi yuqori bosimli zonadan past bosimli zonaga harakatlanadi. Odatda shu vaqtda yog‘ingarchilik ham bo‘ladi, bulutlar va yog‘inlar zonasi katta maydonni egallashi tufayli yog‘inlar shamolga qaraganda uzoqroq davom etadi.

Kuchli shamollar boshqa sabablarga ko‘ra ham yuzaga kelishi mumkin, masalan bahor davrida, ba’zan yozning boshida kuchli konveksiya rivojlansa, shamolning tezligi yuqori bo‘ladi.

Aprelda yana shunday hodisa takrorlanishi mumkinmi?

Aprelning ob-havosi juda o‘zgaruvchan, biroq bu yil aprelda bunday hodisaning takrorlanish ehtimoli juda past. Yaqin kunlarda harorat ko‘tarila boshlaydi va keyinchalik yog‘inlar yomg‘ir ko‘rinishida bo‘lib, nisbatan iqliq harorat fonida kuzatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring