Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB Toshkent shahar boshqarmasi «zo‘ravon inspektor» bo‘yicha izoh berdi. Aslida nima bo‘lgan edi?

MIB Toshkent shahar boshqarmasi «zo‘ravon inspektor» bo‘yicha izoh berdi. Aslida nima bo‘lgan edi?

Foto:«Uznews.uz»

Joriy yilning 24-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarida «O‘zini MIB xodimi deb tanishtirib, karantin paytida hisoblagich ko‘rsatgichinini yozib olmoqchi bo‘lgan shaxs ayolga zo‘ravonlik qildi» degan mazmundagi videoxabar tarqaldi.

Unda o‘zini MIB xodimi deya tanishtirib, karantin paytida hisoblagich ko‘rsatkichini yozib olmoqchi bo‘lgan shaxsning uy egasi deb taxmin qilinayotgan ayolga kuch ishlatib, qo‘lidan telefonini olib qo‘ygani aks etadi.

Holat yuzasidan «Xabar.uz»ga izoh berar ekan, MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonova quyidagilarni ta’kidladi:

- Byuroning Mirobod tuman bo‘limi davlat inspektori S.Xudoyberdiyev 2020-yilning 24-mart kuni soat 11-45 larda tabiiy gaz bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkazilmagan iste’molchilarning hisoblagich ko‘rsatkichlarini olish maqsadida, Mirobod tumani, Inoqobod 5-tor ko‘chasi, 2-uyga borgan. Mazkur xonadon so‘nggi marotaba 23.02.2020 yilda ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, xonadonda 106 ming 779 so‘m qarzdorlik mavjudligi aniqlangan va mazkur qarzdorlik hozirga qadar bartaraf etilmagan.

S.Xudoyberdiyev  qayd etilgan manzilga borganida xonadon oynasidan avval uy egasining 13-14 yoshlar atrofidagi o‘g‘li qarab, onasini chaqirishini aytadi. Shundan so‘ng xonadon a’zosi Osipova (xonadon V.S.Osipov nomida) uyali telefon videokamerasini yoqqqan holda davlat inspektoriga hozirda karantinda ekanini aytib, xodimning familiyasi, ismi, sharifini, nima sababdan kelganini so‘raydi.  Shu jarayonda davlat inspektori fuqaroning mobil telefoni kamerasini o‘chirib qo‘yish maqsadida olib qo‘ymoqchi bo‘lganida (telefon) fuqaroning qo‘lidan tushib ketadi. Bor gap shu. Ayni holat esa ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki MIB xodimi «ayolga kuch ishlatib, qo‘lidan telefonini olib qo‘ydi» mazmunida talqin qilinmoqda.

Ayni paytda davlat inspektori S.Xudoyberdiyevga nisbatan Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Uning yakuniga qarab, xodimga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasini qo‘llash yoki qo‘llamalik masalasi hal etiladi.

O‘rganishda, Mirobod tumani, Inoqobod 5-tor ko‘chasi, 2-uyning 25.03.2020-yil kuniga qadar tabiiy gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini xonadon egalari ko‘rsatishmaganligi sababli jami qarzdorlikni aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Ma’lumot uchun,  amaldagi qonunchilikka asosan, Byuro davlat inspektorlari har oyda iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz hajmini aniqlashlari, buning uchun iste’molchilarning hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlarini joyida olib,  dasturga kiritishlari, bu jarayonda  uning (hisobga olish uskunasining) sozligi, plombalarning butligini o‘rganishlari, tarmoqqa noqonuniy ulanish holatlarining oldini olish choralarini ko‘rishlari shart.

Davlat isnpektorlari tomonidan iste’mol hajmining o‘z vaqtida aniqlanmasligi hisob-kitoblarning noto‘g‘ri yuritilishi, dasturda iste’molchilarga noto‘g‘ri qarzdorlik hisoblanishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi hamda tuman-shahar bo‘limlarida tegishli profilaktik va xavfsizlik choralari ko‘rilib, fuqarolarni qabul qilish xonalari, xizmat xonalariga maxsus ko‘rgazmali vositalar qo‘yilib, dezinfeksiya ishlari tashkil qilindi, xodimlarning jamoat va ish joylarida niqob(maska)larda yurishi yo‘lga qo‘yilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring