Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FVV Samarqanddagi suv toshqini oqibatlari haqida ma’lum qildi

FVV Samarqanddagi suv toshqini oqibatlari haqida ma’lum qildi

Foto: FVV

Kuni kecha kuchli yomg‘ir yog‘ishi sababli Samarqand viloyatida suv toshqini yuzaga kelganligi to‘g‘risida xabar berilgandi.

FVV xabariga ko‘ra, joriy yilning 6 aprel kuni Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga fuqarolar tomonidan qator murojaatlar kelib tushgan. Ularda yomg‘ir suv o‘tkazish tizimlariga sig‘masdan ayrim ko‘chalar va aholi xonadonlarining hovlilariga suv kirganligi haqida ma’lum qilingan.

Mazkur holat yuzasidan boshqarma hamda mahalliy hokimliklar, tegishli idora va tashkilotlar vakillari tomonidan o‘zaro hamkorlikda Samarqand shahridagi ko‘chalar, mahallalar hududlaridagi ariqlar va yerosti quvurlarida tozalash ishlari olib borilgan. Jumladan, Samarqand shahri «Kulolon» MFY hududidan oqib o‘tuvchi «Chashma» kollektoriga oqava suvlari sig‘masdan, shaharning Registon va Dahbed ko‘chalari kesishmasida to‘plangan. Shuningdek, Siyobcha kanalida ham xuddi shunday vaziyat kuzatilib, oqibatda avtotransport vositalarining qatnovida qiyinchilik yuzaga kelgan. Bundan tashqari, yomg‘ir suvlari shahar hududidagi qator mahallalar va ko‘chalardagi aholi xonadonlarining hovli va yerto‘la qismlariga ham kirganligi aniqlangan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish tadbirlariga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 84 nafar xodim va 11 ta maxsus texnika, mahalliy hokimliklar, shuningdek, tegishli idora va tashkilotlardan 83 nafar xodim va 12 ta texnika jalb qilingan bo‘lib, 52 ta xonadonga amaliy yordam ko‘rsatildi, deyiladi FVV xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring