Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura binosi oldida piket uyushtirildi

Bosh prokuratura binosi oldida piket uyushtirildi

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 18-oktyabr kuni Bosh prokuraturaning fuqarolar qabulxonasi oldida bir guruh fuqarolar yig‘ilib piket uyushtirgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar Aleksey Meng va A.Molotyagin boshchiligidagi International Consulting Group platformasiga sarmoya kiritgan va firibgarlik harakatlari oqibatida moddiy zarar ko‘rgan. Shu sababli ular namoyishni tashkil qilgan. Ushbu tadbirda ishtirok etgan fuqarolardan jami 33 ta murojaat qabul qilingan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Aleksey Meng va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida.

«Fuqarolar tomonidan berilgan murojaatlar jinoyat ishiga qo‘shib o‘z vaqtida va ob’yektiv ko‘rilishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan», — deyiladi xabarda.

29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Aleksey Meng World Crypto Capital MChJga rahbarlik qilgan va www.icgexpert.com internet portali orqali firibgarlik sxemasi asosida fuqarolardan pul mablag‘lari jalb qilish bilan shug‘ullangan. Unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan.

Mazkur portal orqali firibgarlik yo‘li bilan 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlikdan 1,7 million dollar jalb qilingan. Jalb qilingan pul mablag‘larini o‘zlashtirish uchun Aleksey Meng va uning sheriklari 2019 yilning dekabr oyida kompaniya faoliyatini to‘xtatgan va O‘zbekistondan chiqib ketgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring