Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijondagi voqea To‘rtko‘lda ham takrorlandimi? IIB Tayanch punktiga olib ketilgan fuqaro sirli ravishda komaga tushdi va... vafot etdi

Andijondagi voqea To‘rtko‘lda ham takrorlandimi? IIB Tayanch punktiga olib ketilgan fuqaro sirli ravishda komaga tushdi va...  vafot etdi

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida istiqomat qilgan fuqaro Ichki ishlar organi xodimlari olib ketganidan so‘ng sirli ravishda komaga tushgani va oradan o‘n uch kun o‘tib, vafot etganiga oid xabarlar tarqalmoqda.

Voqelik yuzasidan «Xabar.uz» Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘landi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov shunday holat yuz berganini tasdiqladi. Biroq buni Andijonda yuz bergan voqelikka taqqoslash yoki uning ayni takrori deyishga shoshilmaslik kerak.

Adliya katta maslahatchisining aytishicha, 2020-yil 27-iyul kuni soat taxminan 07:40 lar chamasida To‘rtko‘l tumanida yashagan I.S. bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, miya komasi tashxisi bilan hushsiz holatda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, bemor 11-avgust kuni (o‘ziga kelmasdan) vafot etadi.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda I.S. kasalxonaga olib kelinishidan bir kun avval — 26 iyul kuni soat taxminan 16:00 larda mast holatda o‘z uyida turmush o‘rtog‘i Ch.X. bilan janjal qilgan. Janjal xabari profilaktika inspektoriga yetib borgach, ikki nafar IIB xodimi I.S.ni «Spark»da Tayanch punktiga olib keladi. O‘sha joyda I.S.ning mazasi qochadi va IIB xodimlari bu haqda uning turmush o‘rtog‘iga ma’lum qilishadi. Ayol kelib, turmush o‘rtog‘ini (bu paytda u hushida bo‘lmagan) uyiga olib ketadi. I.S. ertasi kuni ham o‘ziga kelmagach, tuman tibbiyot birlashmasiga olib boriladi. 

Voqelikning muxtasar bayoni shu. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab taxmin-gumonlar aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarni diqqat bilan kuzatayotganini ta’kidlagan Hayot Shamsutdinov masala g‘oyat jiddiy va nozikligidan kelib chiqib, o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv yakunlanmaguncha uzil-kesil xulosa qilib bo‘lmasligini aytdi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilgan. Guruh ayni paytda To‘rtko‘lda bo‘lib, voqelikka oid barcha-barcha holatlarni (birinchi navbatda IIB xodimlari marhumga jarohat yetkazgan-yetkazmaganini!) sinchkovlik bilan o‘rganmoqda.

Natija haqida qo‘shimcha axborot beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring