Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«Pigurnaya kataniya»

«Pigurnaya kataniya»

Foto: «ru.depositphotos.com»

To‘ra bobo televizorda ko‘rsatilayotgan olimpiadaga tikilib o‘tirib, fe’li aynidi-qoldi. U urchuq yigirayotgan kampiriga o‘girildi:

— Tur joyingdan. Menga anovi g‘ildiraklarni topib ber!

— Nimani? — so‘radi Hamida buvi. — Qanaqa g‘ildirak? Jimgina o‘tirsangiz bo‘lmaydimi, chol?

— Nabiralarning g‘ildiraklari bo‘lardi, esingdami? Tur!

Kampir televizorga nazar tashladi-yu, tushundi: ekranda bir yigit bilan qiz muz ustida chirpirak bo‘lib aylangancha konki uchishardi. U choliga yovqarash qildi-da, ishini davom ettiraverdi.

— Tur dedim senga! — do‘q urdi To‘ra bobo.

— Ey, chol, — bobillab berdi Halima buvi, — qariganda esingizni yeb qo‘yibsiz. Jimgina o‘tiring dedim sizga. G‘ildiraklarga balo bormi?

— Menga qara, kampir, — dedi To‘ra bobo, — hozir Po‘latjon bilan kelin yo‘q, nevaralar ham maktabda. Ikkovimiz bi-i-r pigurniya kataniya qilaylik.

Bu gap bahona bo‘lib, kampirning biram jag‘i ochildi-yey! Cholni naq tentakdan olib, tentakka soldi. To‘ra boboga qolsa, kampirini bir urib ovozini o‘chirardi-yu, ammo, to‘g‘risi, oldingi kuchi yo‘q. Kampir biladi, shu bois og‘ziga kelganini vaysayveradi.

— Tavba, to‘g‘ri yo‘lda yurolmay qolganu, pigurniya qilarmish. Odam yomon qarisa, qo‘rqqulik ekan-da, a? Bo‘lmasa, tuppa-tuzuk nos chekib o‘tirgan chol ham ayniydimi? Bu tilbizirda har baloni ko‘rsataveradi. O‘zbekka pigurniyaga balo bormi?

— Menga qara, sen qo‘rqma, — dedi To‘ra bobo o‘zini dadil ko‘rsatib. — Men qo‘lingdan mahkam ushlayman. Hovlida uch marta uchamiz, vassalom.

— Hoy, men hali sizga o‘xshab tentak bo‘lganim yo‘q. Tavba, qo‘ni-qo‘shni devordan ko‘rib qolsa, nima deydi? Bu chol jinni bo‘p qopti demaydimi? Qip-qizil jinnilik-ku!

Chol kampiri tomonga xezlandi:

— E, tilingni...

— Yaqinlashmang! Mana shu urchuq bilan peshonangizga bitta uraman, qoq ikkiga bo‘linasiz, — dedi kampir vajohat bilan.

To‘ra bobo orqaga tislandi-yu, derazadan tashqariga qaradi.

— Hech bo‘lmasa, g‘ildiraklarni topib ber!

— Sizga kerakmi, o‘zingiz toping!

To‘ra bobo nima qilarini bilmay, televizorga tikildi. Muz ustidagi yigit bilan qiz tomoshasini tugatgan, tavoze ila ta’zim qilishardi. Keyin boshqa yigit chiqdi. Juda mohir ekan. Muz ustida tug‘ilgan-ov! Konkida rosa uchib, shartta to‘xtadi. Boshini oyog‘iga tekkizdi-da, joyida yigirma besh martalar aylandi. Keyin yana qaddini rostlab, muz uzra uchib ketdi.

Chol battar entikdi. Uchishni bir umr orzu qilgan axir! Konkida bo‘lmasayam, g‘ildirakda uchishga nima yetsin! Mazza! Bitta-bittalab qadam tashlamaysan. O‘zi «zuv» etkazib hojatxonaga eltib qo‘yib, keyin qaytarib olib keladi. Agar qor erib ketmaganida, chol hovliga chiqib, kalishda bo‘lsayam muz yo‘lakda uchardi.

To‘ra bobo hassasini do‘qillatib, hovliga chiqdi. Oshxona, so‘ng molxonadan g‘ildirakli poyabzallarni rosa qidirdi. Topolmadi. Nevaralari kelishini kutib, ulardan sekin so‘rab olishni o‘yladi, biroq uyaldi. Uchadigan bo‘lsa, ular yo‘g‘ida uchgani ma’qul.

Nihoyat, roliklar topildi. Boloxonada ekan. Chol ularni avaylabgina olib tushib, oyoqlariga mahkam bog‘ladi. Keyin o‘rnidan turmoqchi edi, madori yetmadi. «Kampi-i-i-r» deb chaqirgan edi, ichkaridan «o‘-o‘-o‘-l» degan tovush keldi. To‘ra bobo hassasiga tayanib, zo‘rg‘a qaddini rostladi. Keyin oyoqlarini sekin harakatlantirdi. Kutilmaganda o‘ng oyog‘i oldinga ketib qoldi. Chotida nimadir «qirs» etgandek bo‘ldi. «O‘ldim, – deb o‘yladi To‘ra bobo, – ammo kampirga sezdirmasligim kerak». Hartugul To‘ra bobo hassasini yerga mahkam tirab, falokatni bartaraf etgan edi. Keyin chap oyog‘i siljib ketdi. Yana nimadir «qirs» etdi. «Endi to‘chna o‘ldim», – qo‘rqib ketdi To‘ra bobo. Muvozanatni ushlab qoldi. Televizordagi boyagi yigitga o‘xshab sekin odimlagan edi, ildam k-ye-ye-ye-tdi. «Men uchayapman, — qiyqirdi chol og‘riqni ham unutib. — Kerak bo‘lsa, devordan oshib o‘taman!».

To‘ra bobo o‘z kuchiga ishondimi, hassasini yon tomonga uloqtirdi. Keyin esa uchishda davom etar ekan, tuyqus qo‘rqib ketdi: qanday qilib to‘xtatadi? Shundan so‘ng baqirishga ham ulgurmay, to‘ppa-to‘g‘ri somonxonaga kirib ketdi...

Halima buvi anchadan so‘ng hovliga chiqdi. Cholini izlab, darvoza tomonga yurdi. Bir chekkada yotgan hassaga ko‘zi tushdi. Avval yon-atrofga, so‘ng osmonga qaradi: «Chol qurmag‘ur uchaman devdi, rostan ham uchdimikan?..».

Somon uyumiga kirib ketgan To‘ra bobo esa miq etolmas, ovozi ham chiqmasdi. «Ishqilib molga somon beraman deb orqamga panshaxani tiqib olishmasin», — deya qo‘rqardi u...

 * * *

Kechqurun dasturxon boshida Po‘latjon bilan xotini o‘zlarini kulgidan zo‘rg‘a ushlab o‘tirishardi. Televizorda chang‘ida uchish musobaqasi ko‘rsatilardi. Jajji Tal’atjon pultni qo‘liga olib, boshqa kanalga o‘tkazmoqchi bo‘ldi.

— Tegma, shunda tursin, — dedi To‘ra bobo. — Uchishini qara!

Halima buvi bobillab yubordi-ya:

— Ha, tegma, shunda tursin! Bobong olimpiyoda ko‘rishi kerak. Bobong uchishi kerak! Kunduzi uchgani yetmadi-da! Yanayam baland uchmoqchi, ha! Bobong samalo‘t bo‘lmoqchi!

To‘ra bobo kampiriga tumtayib qaradi. Po‘latjon esa chiday olmay kulaverganidan yonboshiga ag‘darilib tushgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring