Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osonmas bu yo‘llarda yurmoq (hajviya)

Osonmas bu yo‘llarda yurmoq (hajviya)

Foto: «Karikatura»

Ko‘pchilik haydovchilarimizni tanqid qiladi. Madaniyatsiz, hovliqma, ba’zan befarosat ham deyishadi. Ehtimol shundaylari ham bordir. Lekin ularga ham osonmasligiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Buning uchun sizni xayoliy sayohatga taklif etaman. Ulovga yaxshilab joylashing, xavfsizlik kamarini taqing, ketdik.

Avtoturargohdan katta yo‘lga qo‘shilish maqsadida yo‘l chekkasidamiz. Taxminan besh-olti daqiqadan beri turibmiz. Hech kim yo‘l beray demaydi. Hartugul bittasi to‘xtadi. «Aka, rahmat». Iye, u bizni deb emas, odam tushirish uchun to‘xtagan ekan. Berganning betiga qarama deyilarmidi-yey? Ha, mayli, tezroq jilish kerak. Gazni bosdik.

Svetofor. Qizil endi yondi. Orqani ko‘rsatuvchi oynaga qarasam, ketimdagi ulovning faralari tez-tez yonib o‘chayapti. Svetoforda o‘zgarish yo‘q, hamon qizil. Orqadan yoritishlar tobora shiddatlashmoqda. Biz hayron. Sariq yonishi bilan boyagi harakatlarga o‘sha tomondan signal ovozi ham qo‘shildi. Oldimizda va yonimizdagi mashinalar asta siljishni boshlaganida orqamizdagi haydovchining qaysidir a’zosi (qo‘li bo‘lsa kerak) signalga yopishib qoldi. Tinmay bipillatardi. Bu orada yana qizil yondi. Oynaga bir qarasam, haydovchi nimalarnidir astoydil tushuntirmoqda. Josuslar singari lablarga qarab o‘qiy olmasligimdan afsuslandim. U kuyib-pishib, qo‘llarni ishga solib (demak, qo‘li yopishmagan ekan) nutq so‘zlamoqda edi. Hartugul keyin tinchlandi. Odam dardini aytsa, yengillashadi deganlari rost ekan.

Yo‘ldamiz. Piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallanmagan joyda bir yigit yo‘lning narigi tomonidan bu tomonga yugurib o‘ta boshladi. Unga yaqinlashay deganimizda birdaniga tezligini kamaytirib, yurish holatiga o‘tdi. «Shu joyga yetganida benzini tugadi shekilli» degan o‘y o‘tadi xayoldan. Bu haqda shoshilinch tarzda birontasiga telefon orqali xabar berishga kirishdi. Biz esa deyarli to‘xtash darajasigacha sekinlashib, uning o‘tib bo‘lishini kutib turdik. Endi uni kimdir shatakka olar. Men esa yana gazni bosdim.

Ko‘pam tezlasha olmadim. Oldimizda bexosdan chuqur paydo bo‘ldi. Ikki yonimizda mashina borligi uchun unga tushishga majbur bo‘ldik. O‘ziyam chuqur ekan. Unda baliq ovi ishqibozlari chuvalchang qidirganmi, rosa keng ekan. Bunday holatlarda haydovchi bor irodasini ishga soladi. Kuchanadi. Beixtiyor «duo»lar qilgisi, «minnatdorchilik» bildirgisi, xullas, ichini bo‘shatgisi keladi. Yonimda siz borligingiz uchun men barini ichimga yutdim. Xoli qolganda yengillasharman.

Piyodalar yo‘lakchasi. Hech e’tibor berganmisiz, bu yo‘lakcha har kimga turlicha ta’sir etadi. Oldimizdan bir guruh odamlar o‘tmoqda. Hassaga tayangan kampir jonlanib ketdi. Maksimal tezligini ishga soldi. Yo‘lakcha ta’siri-da bu. Shiddat bilan harakatlanib kelgan yoshlar esa, aksincha, bu yerda toshbaqayurish rejimiga o‘tishdi. Yelkalaridagi mas’uliyat yuki bosibmi, har zamon to‘xtab ham qolishadimi-yey. Dunyodagi eng muhim masalalarni aynan shu yerda muhokama qilishga tushadimi-yey. Quloqchin taqib olgan qizcha esa umuman bopladi. Yo‘lning narigi betiga yetar-yetmas ortga burildi-da shoshmay qayta boshladi. Ota-ona pandu nasihatlarini telefoniga yozdirib olgan bo‘lsa kerak, yon-atrofga sira qaramaydi. Butun vujudi quloqqa aylangan. Qaraganida, o‘nga yaqin mashina uning bir qarorga kelishini intizorlik bilan kutayotganini payqagan bo‘lardi. Ha endi yo‘l ularniki-da. Nihoyat yana gazni bosdim.

Katta yo‘lning deyarli o‘rtasida taksi e’tiborini tortay deb qo‘lini cho‘zgancha bir kishi turibdi. Biroz mast emasmikan degan gumonimiz tasdiqlanmadi. Yo‘ldagi joylashuvini aytmaganda turishi durust, bir tekis. Bunday holatlarda albatta fizika va boshqa qonunlarga zid ravishda xuddi osmondan tushgandek kirakashlar paydo bo‘ladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Yaxshiyamki, mashinamiz tormozi soz holatda. Aks holda... Mastmas odam qonunbilmas ulovga o‘tirgach, gazni bosdim.

Siz hamrohim – o‘quvchi bilan yuqoridagi singari va ularni yarim yo‘lda qoldiruvchi ko‘plab voqealarga duch keldik. Ular haqida keyingi safar, safarda gaplashamiz.

To‘lqin Jumanazarov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring