Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biznes boshlab, ko‘proq foyda olishni istovchilar uchun bepul onlayn-kurs tashkil etildi

Biznes boshlab, ko‘proq foyda olishni istovchilar uchun bepul onlayn-kurs tashkil etildi

Skrin: «direktor.uz»

Markaziy bank, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi va «Norma» professional rivojlanish markazi «Tadbirkorlar va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish» dasturini amalga oshira boshladi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.

Dastur ikkita komponentni o‘z ichiga oladi:

  • kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining «Moliyaviy savodxonlik asoslari» (direktor.uz) onlayn-kursiga bepul kirish imkonini berish;
  • kurs bo‘yicha sertifikatlash imtihonlarini tashkil etish.

 – «Moliyaviy savodxonlik asoslari» (direktor.uz) bepul onlayn-kursi Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda tashkil etildi, – deydi «Norma» professional rivojlanish markazi direktori Mo‘min Ashurov. – Butun material «Osh markazi» umumiy ovqatlanish shoxobchasini ochishga qaror qilgan tadbirkor misolida sodda va lo‘nda tilda bayon etilgan. Yuzma-yuz imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar sertifikat oladilar, bankdan kredit olayotganda undan foydalanish mumkin bo‘ladi. Banklar moliyaviy jihatdan bilimli tadbirkorlarga ko‘proq ishonch bildirishlari hammaga ma’lum.

 Onlayn-kurs tadbirkorni mablag‘ni oqilona tasarruf etishga o‘rgatadi. Kursning ijobiy jihati – u bilan o‘zingiz uchun qulay vaqtda shug‘ullanishingiz mumkin. Dars matnini o‘qiysiz, videoma’ruzani ko‘rasiz, test topshirasiz, shundan so‘ng keyingi darsga o‘tasiz. 11 ta mashg‘ulot ana shu yo‘sinda olib boriladi.

 O‘quv materiali:

  • o‘z biznesini boshlashni;
  • ko‘proq foyda olishni;
  • eng kerakli paytda pulsiz qolmaslikni;
  • mablag‘ni ishonch bilan tasarruf etishni istovchi kishilarga mo‘ljallangan.

Eng muhimi! Kursni tamomlaganlar asosli qarorlar qabul qilish, moliyaviy hisobotni o‘qish, biznesni moliyaviy muammolardan himoyalash uchun yetarli bilimga ega bo‘ladilar, shuningdek bankirlar bilan bemalol muloqotga kirisha oladilar.

Aynan bank xodimlari boshlovchi tadbirkorni direktor.uz resursi bilan tanishtirishlari mumkin. Shu sababli «Norma» PRMda turli banklar xodimlari uchun uch kunlik trening tashkil etildi. Kurs mualliflari ularni:

  • «Tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligi asoslari» kursi bo‘yicha guruhga maslahat berish (mashg‘ulotlar o‘tish);
  • bankka murojaat qiluvchi fuqarolar uchun yakka tartibda maslahat berish uslubiyatiga o‘rgatdilar.

– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining aksariyat rahbarlari moliyaviy bilimlariga emas, balki his-tuyg‘ulariga asoslanib, iqtisodiy qarorlar qabul qiladilar. Tadbirkorlar va aholi moliyaviy savodxonligining yetarli emasligi mablag‘lardan foydalanishga to‘sqinlik qiladi, bank mahsulotlari bozori rivojlanishiga imkon bermaydi, – deydi Turkiston bankining Yunusobod filiali vakili Muxtor Mo‘minov. – direktor.uz resursining tashkil etilganligi boshlovchi tadbirkor o‘z ishini rivojlantirishi uchun zarur ko‘nikmalarni egallashiga imkon beradi.

2018-yilda Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring